O‘zbekiston – AQSH: Energetika sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichi

Joriy yilning 15-17 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. Ikki tomonlama savdo aloqalarini kengaytirish, oliy ta’lim va akademik tadqiqotlar, qishloq xo‘jaligi va energetika sohalarida hamkorlik, O‘zbekistonning Butunjahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida ishtirok etish borasidagi o‘zaro anglashuv, 2018 yilda Toshkentda Markaziy Osiyo savdo forumini o‘tkazish to‘g‘risidagi kelishuvlar ushbu tashrifning amaliy natijalaridan biri bo‘ldi.
Energetika mamlakat iqtisodiyotining asosiy tayanchi hisoblanadi. O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari ayni sohada ko‘p yillardan buyon hamkorlik qilib kelmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimiz AQSHning “Sky Power Global” va “General Electric” kabi yirik energetika kompaniyalari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatgan.
O‘zbekston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbirining “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari Shuhrat Sheraliyev bilan suhbati yurtimizda energiya samaradorligini ta’minlash, muqobil energiyani rivojlantirishda mazkur kompaniyalar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar haqida bo‘ldi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning AQSHga rasmiy tashrifi doirasida “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati va Amerikaning “General Electric” kompaniyasi o‘rtasida bitimlar imzolangan edi. Ushbu kelishuv haqida ma’lumot bersangiz?
– Tashrif doirasida “O‘zbekenergo” AJ va “General Electric” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan bitimlar “Toshkent IES” (issiqlik elektr stansiyasi) hududidagi bug‘-gaz qurilmasi negizida yangi H-turli turbinalarni qo‘llash orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari hududida yuqori kulli ko‘mirni yoqish evaziga elektr energiyasini ishlab chiqarish texnologiyasini tanlash va qurishni o‘z ichiga oladi.
Kelishuvga muvofiq “General Electric” kompaniyasi “Toshkent IES”da quvvati 370 MVtga teng bug‘-gaz qurilmasini qurish” loyihasi bo‘yicha asosiy uskunalarning yetkazib beruvchisi hisoblanadi. Shuningdek, mazkur kompaniya “Taxiatosh IES”da quvvati 230-280 MVt bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasini qurish” investitsiya loyihasiga ko‘ra, GT1, GT2 gaz turbinalari uskunalari va generatorini yetkazib berishni o‘z zimmasiga olgan.
Qayd etish joizki, bugungi kunda “General Electric” kompaniyasi ko‘magida “Toshkent IES” bug‘-gaz qurilmasida ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi hajmi 370 MVtga yetdi. Bu mamlakatimiz energiya tizimini rivojlantirish yo‘lidagi hamkorlikning amaliy natijasidir.
– “Toshkent IES“ hududidagi bug‘-gaz qurilmasi negizida “General Electric” kompaniyasi tomonidan taklif etilayotgan yangi texnologiyalar qanchalik samarador?
– Hamkorlarimiz sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etishda dunyoda yetakchilardan hisoblanadi. Chunonchi, bizga taklif etilayotgan siklli elektrostansiyalar gaz va bug‘ turbinalari, generatorlar, utilizatsiya qozonlari, elektrostansiyalarni boshqarish tizimlari va ijtimoiy tizimlar kabi uskunalarni o‘z ichiga qamrab oladi. Kombinatsiyalangan barcha siklli energobloklar 62 foizdan ortiq foydali ish koeffitsiyentiga ega. Ayni vaqtda qurilmalar ustida “General Electric”ning tajriba maydonida o‘tkazilayotgan sinovlar muvaffaqiyatli davom etmoqda.
“General Electric” kompaniyasi Fransiyaning Bushen elektrostansiyasida ishga tushirgan 9 HA seriyasidagi uskunalari yuqori foydali ish koeffitsiyentiga ega ekani bilan Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgan. “Toshkent IES” bug‘-gaz qurilmasi negizidagi yangi texnologiyalar ham ana shunday yuqori samaradorlikka ega bo‘lishiga ishonamiz.
– “O‘zbekenergo” bilan “General Electric” o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida nima deya olasiz?
– O‘tgan yilning sentyabr oyida “O‘zbekenergo” AJ rahbariyati bilan “General Electric” kompaniyasining Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo‘yicha mintaqaviy direktori Bela Ferensi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida “O‘zbekenergo” AJning quvvati 450-650 MVtga teng bug‘-gaz qurilmasini qo‘shimcha o‘rganish va qiyosiy tahlil qilish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, joriy yilning fevral oyida “General Electric” prezidenti va bosh ijrochi direktori Ron Polletning mamlakatimizga tashrifi doirasida ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga oid qo‘shma chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, kelgusida “Toshkent IES”da quvvati 660 MVtga teng GE H toifadagi turbinalar asosida bug‘-gaz qurilmasi bunyod etiladi.
– “O‘zbekenergo” jahonning yirik muqobil energiya ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri “Sky Power Global” bilan ham aloqa o‘rnatgan. Ayni hamkorlik mamlakatimizda quyosh energiyasini ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yishda munosib qadam bo‘la oladimi?
– Diyorimizda yilning o‘rtacha 320 kuni quyoshli ekanini inobatga olsak, mamlakatimiz quyosh energetikasidan foydalanish bo‘yicha katta salohiyatga ega. Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda quyosh energiyasidan foydalanish orqali 51 milliard tonna neft ekvivalentiga teng quvvat ishlab chiqarilishi mumkin.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida quyosh energetikasi imkoniyatlarini o‘zlashtirishga qaratilgan texnologik bazalarni ko‘paytirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, tashkilotimiz bilan “Sky Power Global” kompaniyasi o‘rtasida 2018 yilning 19 aprelida “Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida” imzolangan bitim ham ana shu jarayon mahsulidir.
Ushbu bitimga muvofiq “Sky Power Global” kompaniyasi “O‘zbekistonda umumiy quvvati 1000 MVtga teng fotoelektrik quyosh energiyasi stansiyasi obyektlarini loyihalashtirish, moliyalashtirish, bunyod etish, ularga egalik qilish va ulardan foydalanish” loyihasini amalga oshirish uchun 1,3 milliard AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qiladi. Natijada yaqin 4 yilda mamlakatimizdagi yirik fotoelektr stansiyalari soni sezilarli ortadi.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbarining AQSHga tashrifi, Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuv va muzokaralar yakuni bo‘yicha erishilgan kelishuvlar yaqin va o‘rta muddatli istiqbolda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berish bilan birga, energetika sohasida hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatini yaratdi.
– Suhbat uchun rahmat!

 

Malohat Husanova suhbatlashdi, O‘zA