Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga xizmat qiladigan yangi loyiha

“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan yangi strategik loyiha – “2018-2020 yillarda xotin-qizlar uchun biznes ta’lim tizimini takomillashtirish” dasturi ishlab chiqildi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil iqtisodiy islohotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, xususan, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlar xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy faolligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Afsuski, bu kabi imkoniyatlardan maqsadli foydalanmay,tadbirkorlik asoslari, boshqaruv tizimini to‘liq anglab yetmasdan, kredit mablag‘larini to‘g‘ri yo‘naltirmay biznesi kasodga uchrayotgan, o‘zlari ham og‘ir psixologik holatga tushib qolayotgan xotin-qizlar ham ko‘plab uchrab turibdi.

Xotin-qizlarni tadbirkorlik asoslariga o‘qitish lozimligi haqida nihoyatda ko‘p gapiriladi, turli tashkilotlar tomonidan biznes ma’lumotlarini beruvchi qisqa muddatli treninglar o‘tkaziladi. Mutasaddi tashkilotlar ayollarni biznesga o‘rgatishni hamkorlikda o‘tkazamiz, deganmaqsadbilan dabdabali qo‘shma qarorlar qabul qilib, bo‘lib o‘tgan treninglar bo‘yicha hisobotlar tayyorlamoqda va hokazo…

Ularning sifat va samaralari qanday? O‘quv dasturlari bormi, bor bo‘lsa kim tomonidan tasdiqlangan? Ushbu o‘quv dasturlari doirasida haqiqatda necha nafar xotin-qiz haqiqiy korxonalar ochdi, qancha daromad qildi, qancha ish o‘rni yaratildi? Bu savollarga ko‘p hollarda, afsuski, javob yo‘q.

Bugungi kunda mamlakatimizda ayollar tadbirkorligi rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolardan biri – ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlar uchun biznes ta’limi tizimi samarasining pastligidir. Xususan, ayollarimizning turmush tarzi, ularning ijtimoiy hayotdagi roli va milliy mentalitetimizga mutanosib yondashuvning yo‘qligi sababli ham taqdim etilayotgan biznes ta’limi kutilgan natijalarni bermayapti.

Ushbu muammoni hal etish uchun aynan xotin-qizlarga xos bo‘lgan tadbirkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan ta’lim dasturi, dasturdan keyingi qo‘llab-quvvatlash mexanizmini o‘z ichiga olgan chora-tadbirlar majmuasidan iborat yaxlit tizim tashkil etish lozim.

Aynan shu chora-tadbirlar majmuasini o‘zida mujassam etgan ta’lim tizimi ish samarasini ta’minlaydi, yangi barqaror ish o‘rinlari yaratilishiga omil bo‘lib, ayniqsa, qishloq joylarda xotin-qizlarga xos bo‘lgan noxush ijtimoiy hodisalar ro‘y berishi oldini oladi, ayollarning hayotga qiziqishini orttirib, o‘z qobiliyatini namoyon qilishiga imkon beradi.

“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi o‘zining 27 yillik faoliyati davomida yuzlab biznes ta’lim dasturlarini amalga oshirdi. Ayollar tadbirkorligini rivojlantirishda katta tajriba maktabi yaratildi. Jamiyatimiz xususiyatlari hisobga olingan kattalar uchun biznes ta’lim metodikasi ishlab chiqildi, malakali mahalliy biznes trenerlar tayyorlandi, ustozlar, ekspertlar guruhlari shakllandi. Eng muhimi, mahalliy xotin-qizlar tomonidan assotsiatsiyaning o‘quv dasturlariga ishonch paydo bo‘ldi.

Yana bir muhim jihat – biznes ta’lim berayotgan boshqa tashkilotlar faoliyatidan farqli o‘laroq, assotsiatsiya tomonidan o‘tkazilayotgan biznes-trening, seminar va boshqa o‘quv dasturlari xotin-qizlar tomonidan boshlangan yoki rivojlanayotgan tadbirkolik faoliyati jarayonida biznes maslahatlar berish, jihozlar, hamkorlar topish, kredit olish, kapitalni samaraliboshqarish, ishlab chiqarilgan mahsulotni sotish kabi xizmatlarni ko‘rsatish bilan birga, tadbirkor ayollarning ma’naviy saviyasini oshirib borish kabi faoliyatlar bilan mushtaraklikda olib borildi.

Natijada, taqdim qilingan o‘quv dasturlaridan katta ko‘rsatkichli foydalilik koeffitsiyentiga erishilgan – 43000 nafar biznesga o‘qitilgan xotin-qizning 75 foizi o‘zlarining biznes faoliyatini boshlagan. Assotsiatsiya o‘quv dasturlaridagi ishtirokchilar tomonidan 130000 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Ko‘p yillik tajriba va bugungi kundagi salohiyatni hisobga olgan holda “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi xotin-qizlar uchun biznes asoslari bo‘yicha kompleks o‘quv-informatsion dasturini amalga oshirish taklifi bilan Hukumatimiz rahbariyatiga murojaat etdi. Ushbu loyihaning nomi “2018-2020 yillarda xotin-qizlar uchun biznes ta’lim tizimini takomillashtirish” dasturi.

Loyiha dasturi to‘rtta o‘quv modullarini qamrab oladi – “Biznesni rejalashtirish va moliyaviy savodxonlik”, “Biznesni samarali boshqarish”, ”Raqobatbardoshlik va mahsulotni bozorga munosib taqdim etish”, “Tadbirkorlik faoliyatini yuritish: ayol, oila, biznes, urf-odat va zamonaviylik”. Loyiha tegishli davlat va jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiriladi.

Ushbu loyihaga mamlakatimizning 180 ta tuman va shahri qamrab olinishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha amalga oshadigan bo‘lsa, 78000 nafar xotin-qizga biznes asoslari bo‘yicha ko‘nikma va amaliy yordam beriladi, 50000 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, qishloq joylarida qiyin ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlar ish bilan ta’minlanib, salohiyatlarini daromad keltiruvchi faoliyatga yo‘naltirish hisobiga ularga psixologik va iqtisodiyyordam ko‘rsatiladi.

Shu nuqtai nazardan loyihaning ahamiyati mamlakatimizda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etishda juda muhim bo‘lib mamlakatimiz tadbirkor ayollari assotsiatsiyasi ushbu loyiha Hukumatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga umid qilib qoladi.

 

O‘zA