“Keksa sinora“ ning taxtidagi keksa “sinor”

U doim yangi g‘alabalar, cho‘qqilarni ko‘zladi. Buning uchun jamoasini, muhitni almashtirishdan, hammasini noldan boshlashga qo‘rqmadi. O‘zida metin iroda, kuch topdi. Unga futbol sirlarini o‘rgatgan klubidagi chaqmoq yanglig‘ o‘yini tashrifi qog‘oziga aylandi.
Uning jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yinidagi o‘yinini ko‘rgan raqib jamoa vakillari uyga qaytar asnosida buyuk murabbiylari, nomiga “ser” unvonini ehtirom ila qo‘shib chaqiriladigan insonga “Yo uni tarkibga qo‘shasiz, yo biz ketamiz” degan xitobni bildirdi. “Ser” esa uni tarkibiga qo‘shib olishdan, jamoasidagi afsonaviy va salobatli raqamni berishdan cho‘chimadi. Unda yangi yetakchini, dunyo futbolini o‘zgartira oladigan, futbol qirolini ko‘rdi. U esa yangi qizil libosini kiyib, undan avval shu raqamda to‘p surgan charm to‘p ustalari bajarmagan ishlarni qildi. Shu darajaga chiqdiki, “Dunyoning eng kuchli klubi” deb e’tirof etiladigan superklub ham u uchun torlik qilib oldi. Jamoadoshlaridan, to‘p surayotgan chempionatdan bir necha yillar oldinga ketib qolgandi u. O‘zi uchun yangi chaqiruv, kuch-qudrat bobida hozirgi jamoasidan qolishmaydigan, yaralangan sher kabi oyoqqa turayotgan, ko‘z oldida yovvoyi o‘yini va tarkibidagi o‘zi kabi boshqa olam vakili, “o‘zga sayyoralik” raqibi tomon oshiqdi.
lqernk.aw422x.im.lg.jpg
Bo‘ldi, dunyo shu ikkisining o‘yinidan sarmastlikka tushdi. Ikkisi to‘p suradigan jamoalar o‘rtasidagi raqobat o‘zining oliy cho‘qqisiga chiqdi. Asr janglari futbol ixlosmandlari e’tiborini qozonib keldi. Tinimsiz raqobat, quyosh va oy, kecha va kunduz, quvonch va qayg‘u doimo birga tilga olingandek ikkisining faoliyati to‘qqiz yillik futbol olamini bezadi. Kimlardir uning kibriga mahliyo bo‘ldi, ba’zilar o‘sha xususiyatini jini suymadi. Xudbinlikning oliy cho‘qqisi, o‘zidan boshqa birovni o‘ylamaydigan fe’li sabab uni yoqtirishmadi. Olovga moy sepgandek, ashaddiy raqibining samimiy, kulib turgan chehrasi, kamtarligi bu qarashlarni yanada avj oldirdi.
ronaldo_cristiano-1040x572.jpg
Mana endi to‘qqiz yillik muhoraba nihoyasiga yetdi. “Qirollik klubi”ning yuz yillik tarixidagi barcha qirollarini qandaydir to‘qqiz yilda taxtdan qulatgan futbolchidan faqat o‘ziga tegishli bo‘lgan taxtini bo‘shatib qo‘yishni so‘rashdi. U mag‘rurlik bilan taxtni bo‘shatdi. Uzoqda unga necha yillardan munosib vorisga ega bo‘lmay, muzaffariyatga erisha olmayotgan, taxtini kimga topshirishni bilmayotgan “keksa sinora” umid ila boqib turardi.U esa qo‘shni qirollik yerlarini obod qilishga, uni yangidan-yangi cho‘qqilarni zabt etish uchun oshiqdi. Faqat jangga kirish uchun yoshi to‘g‘ri kelsa bas.
985711.jpg
Yuqoridagi fikrlardan gap kim haqida ketayotganligini bildingiz. “Real Madrid” klubining so‘nggi yillardagi yetakchisi, zamonaviy dunyo futbolining qirollaridan biri sanalgan, besh karra oltin to‘p sohibi Krishtianu Ronaldu “qaymoqranglilar” safini tark etdi. Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan futbol jahon chempionatining yarim final o‘yinlari arafasida jamoatchilik e’tiborini bir haftadan buyon o‘z domiga tortib kelayotgan shiddatli xabar dovuli mundial bahslarini to‘zg‘itib ketdi.
GettyImages-691921564.jpg
Unga raqiblik qiladigan “Barselona” klubining ashaddiy muxlislari ham mung‘ayib, jangni shiddatli qiladigan jangchidan ayrilib qolganini endi tushundi. To‘qqiz yil davomida uning tomorqasiga tosh otib yurgan bugun o‘sha tomorqadagi toshlarni terib olish payida. Messini Messi qilgan, “Barselona”ni grand jamoalar qatoriga qo‘shgan va aynan shular tufayli o‘zi ham raqiblari kabi buyuklar qatoriga qo‘shilgan Krishtianu Ronaldu bilan raqiblari va muxlislari hurmat keltirib, xayrlashishi darkor. Endi Ronaldusiz klassikolar fayzsizdek o‘tishi mumkin, albatta, bu vaqtinchadir. Chunki yuz yildan beri klassikolar ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda. Biroq ana shu yuz yillikda Ronaldu va Messidek bir vaqtda futbol taxti uchun kurashgan ikki klubning ikki vakili chiqmagandi.
germany-soccer-champions-league_4f75d6c4-a8ef-11e7-8fa9-3a95f17ae4d1.jpg
Ehtimolki, yaqin yillarda bu voqea sodir bo‘lmaydi. Lionel Messi ham jamoasidagi va chempionatidagi “yerliklar” bilan ovunib yuraveradi. U boshqa o‘lkada, Krishtianu boshqa o‘lkada bir-birini izlab, faoliyatini yakunlasa ajablanmaymiz. Nima bo‘lganda ham, barchasi uchun rahmat senga, Krishtianu!

 

Sherzod Mahmudov, O’zMU talabasi