Ronaldo “Real”dan ketdi

Portugaliyalik hujumchi atrofida aylanib yurgan mish-mishlar va nihoyat o‘z yakuniga yetdi.
Futbolchi kuni kecha Turinning “Yuventus” jamoasiga o‘tayotgani rasman o‘z tasdig‘ini topdi. Bu haqda “Yuve” matbuot xizmati xabar tarqatdi. Shuningdek, futbolchining o‘zi ham bu xabarni ma’qulladi.
Shartnoma 4 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, KriRo yiliga 30 million yevro miqdorida maosh oladi. “Qirollik klubi” bu transfer orqali 105 million yevro ishlab olishi ko‘zda tutilgan. Uchar portugal klubga 2009-yilda 93 million yevroga kelgan va shu kunga qadar 15 kubokni boshi uzra ko‘targan. U “Real” safida 438 o‘yinda 450 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Ronaldu 4 bor dunyoda tengsiz deb topilgan.
Madrid klubi muxlislari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan so‘rovnomada u jamoa tarixidagi “Eng yaxshi hujumchi” nomiga ham sazovor bo‘lgan.
Darvoqe, Krishtianoning jamoadan ketishiga klub prezidenti Florentino Peres bilan munosabatlari yomonlashgani sabab sifatida ko‘rilyapti.