PROBOKS: Xonobodda professional boks bayrami

Andijon viloyati Xonobod shahri ilk bor o‘tkazilayotgan professional bokschilar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatining yarim final dastlabki bahslariga mezbonlik qildi.
Rasmiy musobaqadan tashqari sport tadbirida o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazish maqsadida tashrif buyurgan Qozog‘iston va Ozarbayjon davlatlarining professional bokschilari ham ishtirok etishdi. Bu esa mahalliy muxlislar va qo‘shni viloyatdan kelgan muxlis va mutaxassislar uchun ham jang kechasi katta qiziqish uyg‘otdi.
Xonobod shahri hokimiyati va Andijon viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan tashkilotchilik yuqori saviyada yo‘lga qo‘yilganligini, ishtirokchilarning bari tashkilotchilik uchun Xonobod shahri hokimiyatiga, jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi mutasaddilariga hamda tajribali murabbiy, professional boks federatsiyasi bosh direktori Nabijon Ismonovlarga o‘z minnatdorliklarini izhor etishdi.
Tadbir o‘rtoqlik janglari bilan start oldi. Ringga birinchi bo‘lib 61 kg vazn toifasida mezbon Abdulaziz Najmiddinov hamda qashqadaryolik Shohruh Xikmatullayevlar ko‘tarildi. Ushbu jangda texnik nokaut bilan Abdulaziz Najmiddinov g‘alaba qozondi. 69 kg vazn toifasida Ozarbayjondan tashrif buyurgan Roman Zakirov Toshkent shahri vakili Ibrohim Nazirboyevga qarshi jang olib bordi. Murosasiz o‘tgan qarama-qarshilikda o‘rtoqlik uchrashuvga xos natija qayd etildi – durang. 76 kg vaznda esa yana bir mehmon bokschi, qozog‘istonlik Seylxan Quralboyev toshkentlik tajribali murabbiy Zufar Sulaymonov shogirdi Ravshanbek Mahammadjonovga qarshi ringga ko‘tarildi. Ushbu jangda ham hamyurtimiz Ravshanbek yaqqol ustunlik bilan g‘olib chiqdi.
Asosiy yarim final bahslari ham shiddatli kechdi. 10 ta vazn toifasida 6 raunddan iborat bo‘lgan janglarning 50 kg vazn toifasida andijonlik Shahzodbek Sharobiddinov, 53 kg.da Nurjan Serikov(Navoiy), 57 kg.da Beksulton Ravshanov(Toshkent vil), 61 kg.da Burgut Xojiboyev (Namangan), 63 kg.da Abdurasul Ismoilov (Xorazm), 66 kg.da Muhammadsalim Sotiboldiyev (Toshkent shahri), 69 kg.da Muzaffar Rashidov (Surxondaryo), 76 kg.da Muhammadali G‘ofurov (Surxondaryo), 79 kg.da Shaxzod Mauzerov (Surxondaryo), so‘ngi +90 kg vazn toifasida Renat Rahimov (Qoraqalpog‘iston)lar g‘alaba qozonib, final bahslariga yo‘l olishdi.
Eslatib o‘tamiz, yarim final bahslarining navbatdagisi 14 iyul kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

 

Oybek Yunusov, O’zA