Erkin iqtisodiy zonalar soni yana bittaga ortdi

Davlatimiz rahbarining joriy yil 10 iyul kuni “Buxoro-Agro” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Buxoro viloyatida “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi.
“Buxoro-agro” EIZning faoliyat ko‘rsatish muddati u tashkil etilgan kundan boshlab, mazkur muddatni keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil qiladi.
“Buxoro-agro” EIZning asosiy vazifasi etib, shu jumladan, issiqxonalar qurish uchun konstruksiyalar, jihozlar va boshqa butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish va ularning eksport hajmini oshirish belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, shu kunga qadar mamlakatimizda 16 ta erkin iqtisodiy zona – “Navoiy”, “Angren”, “Jizzax”, “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon”, “Hazorasp”, “Sirdaryo”, farmatsevtika sohasiga ixtisoslashgan “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm”, “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalari, shuningdek, turizmga ixtisoslashgan “Chorvoq” erkin turistik zonasi mavjud.

 

O‘zA