Joriy yil abituriyentlar tomonidan Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirish uchun hujjatlar sinov tariqasida Davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladi.

Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi bergan ma’lumotiga ko‘ra, buning uchun pasport va o‘rta yoki o‘rta-maxsus ma’lumotni tasdiqlovchi hujjat Prezidentimizning Xalq qabulxonalari huzurida faoliyat yurituvchi Davlat xizmatlari markazlari orqali topshiriladi.

Bunda hujjatning asl nusxasi egasiga qaytariladi.

Bu esa, avvalgidek vaqt va yo‘l xarajatlari, turar joy bilan bog‘liq tashvishlarga barham beradi.

Tasavvur qilib ko‘ring, Qoraqalpog‘istondan Toshkentga kelib hujjat topshirishga 1 kishi uchun yo‘l xarajatlari, mehmonxona, ovqatlanishni hisobga olganda 1 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanadi. Agar hamroh qo‘shilsa bu xarajat 2 hissa ortadi.

Ma’lumot uchun, 15 iyundan bugungi kungacha Toshkent davlat yuridik universitetiga 5 mingga yaqin abituriyent hujjat topshirgan.

 

O‘zA