Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bojxona boshqarmasi xodimlari yaqinda belgilangan tartibda 334-sonli “Saratov – Toshkent” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdining restoran vagonini tekshiruvdan o‘tkazdi. 
Tekshiruvda uch nafar yo‘lovchining bojxona deklaratsiyasiga yozilmagan, og‘zaki so‘rovda aytilmagan, umumiy narxi 205 million so‘mlik 188 dona gaz hisoblagichlarni noqonuniy turda restoran vagonining yuvinish xonasida yashirin holatda olib kelayotganligi aniqlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bojxona boshqarmasi axborot xizmatining taqdim etgan ma’lumotiga ko‘ra, 2018-yilning o‘tgan olti oyi ichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan shunday 310 huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, fuqarolardan 680 million 747 ming so‘mlik tovarlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Masalan, 330-sonli “Moskva-Kulyab” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdi bojxona tekshiruvidan o‘tkazilganida, qo‘shni davlat fuqarosi I.S. 5-vagonning hojatxonasiga 25 dona 12 kalibrli ov miltig‘ining gilzalarini, 1991 dona kapsyulni, Albumin, Neyroks va Konkor nomli dori-darmonlarni noqonuniy ravishda Rossiya Federatsiyasidan O‘zbekiston Respublikasiga yashirincha olib kelayotganligi ma’lum bo‘lgan.

 

Ye.Qanoatov, O‘zA