BMT Bosh Assambleyasing maxsus rezolyutsiyasi Toshkentda muhokama etiladi
Joriy yilning 12 iyul sanasida poytaxtimizda
BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkaziladi.

Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Davlat boshqaruv akademiyasi ko‘magida tashkil etilmoqda.

Tashkilotchilar bergan ma’lumotga ko‘ra, davra suhbati shaklidagi tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati, tegishli vazirliklar, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, Fanlar Akademiyasi vakillari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Ta’kidlanishicha, tadbirdan ko‘zlangan maqsad BMT BA maxsus rezolyutsiyasi mohiyati va ahamiyatini muhokama etish, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini belgilab olishdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 22 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi qabul qilindi. BMTga a’zo barcha davlatlar bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagan ushbu hujjat davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusning amaliy ijrosi hisoblanadi.

Rezolyutsiyada Markaziy Osiyoda xavfsizlikni mustahkamlash, suv va energiya manbalaridan unumli va kompleks foydalanish, Orol dengizi qurishi bilan bog‘liq ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy asoratlarni yumshatish, mintaqada zamonaviy transport va tranzit tizimini tashkil etish, ma’rifat, fan, texnologiyalar, innovatsiyalar, turizm, madaniyat, san’at va sport sohalaridagi aloqalarni chuqurlashtirish yo‘nalishlarida ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etilgan.

 

Malohat Husanova, O‘zA