“Halol” turizmida O‘zbekiston qaysi o‘rinda?

Yurtimizda al-Buxoriy, at-Termiziy, Moturudiy, az-Zamahshariy, Bahouddin Naqshbandiy kabi buyuk islom ulamolari, peshqadamlari va aziz-avliyolarining hoki-poylari qo‘yilgan maqbaralar, Usmon (r.a) Qur’oni va boshqa musulmonlar uchun qadrli bo‘lgan ziyoratgohlarning mavjudligi ziyorat turizmini rivojlantirishda qo‘l keladi. Lekin, afsuski biz bu imkoniyatlardan hozirga qadar foydalanmay keldik.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda ziyorat turizmining yillik hajmi 151 milliard dollarga teng ekan. Dunyodagi mehmonxona biznesi peshqadamlaridan biri – Rezidor Hotel Group kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin 10 yil ichida “Halol” turizm hajmi yiliga 20 foizdan oshib boradi.

Global to‘lov tizimining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan bo‘lmish Mastercard kompaniyasining HalalTrip turistik portali bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadqiqotiga asosan, 2030 yilga borib, 15 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan dunyo yoshlarining uchdan birini musulmonlar tashkil etadi. Bugungi kunda bu yoshdagilar yiliga 2-5 marta, o‘rtacha 4-6 kunlik sayyohatga chiqmoqda. 2025 yilga kelib, yosh musulmonlar dunyo bo‘ylab sayyohatlar uchun yiliga 100 milliard dollaridan ko‘proq miqdorda pul sarflashi bashorat qilinmoqda.

Demak, biz ham bu borada tezroq harakat qilishimiz shart. Shunday bo‘lyapti ham. Misol uchun, Indoneziya, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Turkiya, Isroil va Yaponiya fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz tashrif tartibi joriy etildi. 39 ta mamlakat fuqarosi uchun vizalar rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi va muddati 2 ish kunigacha qisqartirildi. Eng muhimi, Toshkent xalqaro aeroporti xizmati janubiy koreyalik mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘rganib chiqildi va ularning xulosalar asosida faoliyati tubdan o‘zgartirildi.

Bugungi kunda Poytaxt aeroporti xalqaro terminalidan yo‘lovchilarning chiqish vaqti to‘rt barobarga tezlashdi. Agarda avvallari poytaxt aeroportiga yetib kelgan reysdan havo bandargohini tark etguncha o‘rtacha 2 soat vaqt sarflangan bo‘lsa, hozirda birinchi yo‘lovchi 21 daqiqada, so‘nggi yo‘lovchi esa 33 daqiqada aeroportdan chiqib ketmoqda. Tizimda “yashil” va “qizil” yo‘laklarning ochilishi yo‘lovchilarning barcha zarur tartib-taomillardan o‘tishlarini anchagina tezlashtirmoqda.

O‘tgan yili Crescent Rating kompaniyasining Master Card kompaniyasi bilan hamkorlikda tuzgan reytingida “HALOL” turizm uchun eng qulay musulmon mamlakatlari ro‘yxatida Malayziya birinchi, BAA ikkinchi, Indoneziya uchinchi o‘rinni egallagan bo‘lib, O‘zbekiston 28-o‘rinda edi.

Joriy yildan bu tizimning keng joriy etilishi samarasida kelgusi yillarda bu reytingda peshqadam bo‘lishimiz shubhasiz.

 

O‘zA