O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi ko‘rgazmalar saroyida taniqli va yosh iqtidorli rassomlar asarlaridan tashkil topgan “108 – burilish” deb nomlangan ko‘rgazma ochildi. 
– Ko‘rgazmaning bunday nomlanishiga sabab, ko‘rgazmadan o‘rin olgan asarlarning ko‘pchiligi abstrakt o‘ylash shaklida ishlangan, rassomlarning ijodidagi burilish esa insonni teran fikrlashga chorlaydi, –deydi ko‘rgazma tashkilotchisi, rassom Baxtiyor Serekeyev. – Yana bir sababi esa ko‘rgazma saroyimiz Nukusdagi xalq ta’biri bilan aytiladigan “108-burilish” ga yaqin joyda joylashgan.
Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi milliy rassomlik san’atining boy merosini va zamonaviy rassomlik san’atining yutuqlarini keng ommaga tanitish va yosh iqtidor egalarini qo‘llab-quvvatlashdir.
Shuningdek, ko‘rgazmadan joy olgan kartinalar taniqli rassomlar ijodining yangi qirralarini ochib beradi va debyutant ijodkorlarning ilk qadamlaridan xabardor qiladi.
Ko‘rgazma bir oy davom etadi.

 

Ye.Qanoatov, O‘zA