Qishloq xo‘jaligi sohasida O‘zbekiston – Koreya hamkorligi kengaymoqda

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi chog‘ida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Koreya forumi tashkil etildi.
Tadbirda ikki mamlakatning qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sohasi vakillari, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi. Unda mamlakatlarimizning agrar sohadagi siyosati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va hududlar kesimida taqsimlash, O‘zbekistonda o‘simlik va hayvonlar karantini tizimini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda koreyalik ishbilarmonlarga mamlakatimizda ishbilarmonlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, imtiyozlar, eksport uchun yaratilgan qulaylik haqida ma’lumot berildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari xususida so‘z yuritildi.
Forumda qayd etilganidek, mamlakatlarimiz bugun barcha sohalarda bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligi sohasida ham faol hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bunda O‘zbekiston va Koreya davlat rahbarlarining o‘tgan yil noyabr oyidagi oliy darajadagi uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhim o‘rin tutmoqda. Ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur forum hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish, sohaga oid ma’lumotlar almashish imkonini beradi.
Koreya qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti instituti qoshidagi Xalqaro aloqalar markazi direktori Li De Sob mamlakatimizda yetishtirilgan mevalar o‘zining mazasi, totliligi bilan ajralib turishini ta’kidlar ekan, o‘zbekistonlik ishbilarmonlar uchun Koreya bozorlarida raqobatlashish imkonini yuqori baholadi. Birgina misol. AQSHdan Koreya bozoriga eksport qilinadigan bir kilogramm gilos o‘rtacha 9,9 AQSH dollarini, Yangi Zelandiyadan keltirigan gilos narxi esa 12,5 AQSH dollarini tashkil etadi. O‘zbekistonlik bobodehqonlar yetishtirgan ushbu mahsulot Koreya bozorlarida 4,2 AQSH dollariga baholanmoqda.
Uchrashuvda Koreya tomoni mahsulotning narx qiymati zanjirini yaratish maqsadida ekinlarni parvarishlash, karantin, ishlab chiqarish infratuzilmasini modernizatsiyalash, urug‘chilik, transport-logistika yo‘nalishlarini, xorijiy hamkorlar ko‘magida savdo tarmog‘ini yaratish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

 

“Dunyo” AA, Seul