SHHT xalq diplomatiyasi markazi ta’sischilarining yig‘ilishi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 8-9-iyun kunlari Ostona shahrida o‘tgan SHHT sammitida ishtirok etib, tashkilot markazlari – xalq diplomatiyasining doimiy faoliyat yurituvchi institutlarini ta’sis etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qilgandi.
Ushbu tashabbus va takliflarni ro‘yobga chiqarish, shuningdek,2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi vazifalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 26-iyundagi “O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bunda huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida 6-iyul kuni SHHTning doimiy faoliyat yurituvchi Xalq diplomatiyasi markazi ta’sischilarining birinchi yig‘ilish majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda markazning Muvofiqlashtiruvchi kengashiga a’zo tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov ishtirokchilarga markazning asosiy maqsad va vazifalari haqida ma’lumot berdi. SHHT mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnilikni, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlashda doimiy faoliyat yurituvchi ushbu institut muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Tashqi ishlar, Madaniyat, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Badiiy akademiya, Yoshlar ittifoqi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi markaz ta’sischilari sifatida qayd etildi.
Ta’sis yig‘ilishida markaz Nizomi, Muvofiqlashtiruvchi kengash va taftish komissiyasi a’zolarini tasdiqlash masalalari ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi. Markaz direktori lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi a’zosi Rahmatullo Nazarov nomzodi bir ovozdan tasdiqlandi.
Tadbir ishtirokchilari qayd etganidek, markazning tashkil etilishi nafaqat mintaqada, balki jahonda millatlararo munosabatlar va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muloqot chog‘ida, shuningdek, markaz faoliyatini tashkil etish, uning moliyaviy jihatlari, sohaga mutaxassis kadrlar jalb qilish, xorijiy sheriklar topish masalalari xususida so‘z yuritildi.
Yig‘ilish yakuni bo‘yicha maxsus qaror qabul qilindi.

 

O‘zA