Mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan O‘zbekistonning qisqa fursatlarda xalqaro kapital bozoriga chiqish imkoniyatlari va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalariga bag‘ishlangan muloqot tashkil etildi.

Videokonferensiya tarzda o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Moliya vaziri J.Qo‘chqorov, tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari A.Abduvohidov, tegishli vazirlik va idoralar, Buyuk Britaniya, Belgiya, Italiya, Turkiya kabi dunyoning 15 mamlakatidagi yurtdoshlarimiz, diplomatik korpus, moliya institutlari va investitsiya kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir asnosida mamlakatimizga sayyohlar oqimini jalb qilish, moliya, soliq va bank sektorlarida islohotlarni amalga oshirish orqali qulay investitsiyaviy muhit yaratish, eksport hajmini oshirish bo‘yicha hukumat tomonidan olib borilayotgan islohotlar haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Uchrashuvda “HSBC“, “Tokio Mitsubishi“, “Fitch Rating Sovereign Group“ xalqaro tahlil agentligi kabi yirik moliya va tahlil institutlari mutaxassislari ham qatnashib, O‘zbekistonning kapital bozoriga chiqish imkoniyatlari haqida taqdimotlar qildilar.

Shuningdek, tadbirda mamlakatimizning investitsiyaviy reytingini ko‘tarish, qimmatli qog‘ozlarni jahon fond bozorlarida sotish mexanizmlari, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSH, Singapur, Shveysariya va boshqa mamlakatlardagi yirik moliya tashkilotlari va banklar bilan ishlash tamoyillari bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi. Davlat obligatsiyalari va qimmatli korporativ qog‘ozlarini chiqarish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, xorijiy investitsiya kompaniyalari va jamg‘armalarining mablag‘larini O‘zbekistonga jalb qilish, xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlarini yo‘naltirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Xorijdagi vatandoshlar O‘zbekiston iqtisodiy sektorida hujjatlar va shartnomalarni tayyorlashda norasmiy maslahatchi sifatida ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tadbir so‘ngida mamlakatimizni iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalarni 15 kun mobaynida umumlashtirishga kelishib olindi.

 

O’zA