Shu yilning 27-28 may kunlari jami 40 nafar ommaviy axborot vositalari va mutaxassislar ishtirokida Orol dengizi va Mo‘ynoq tumani hududiga mediatur tashkil qilindi.

Mediatur Qaraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi yordamida Qoraqalpog‘iston axborot agentligi va O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan tashkil qilingan bo‘lib, mazkur tadbirni uyushtirishdan maqsad – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 fevral kungi «Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini 2017-2018 yillarda iqtisodiy rivojlantirish va bandlikni ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-2803-sonli qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan, ya’ni Mo‘ynoq tumani va Orol dengizi hududiga turistlarni kengroq jalb qilishni nazarda tutgan holda hududning tabiati, tarixi, hayvonot olami va tuman xalqining dasturlari, an’analari haqida jurnalistik materiallar tayyorlashdir.

Tadbirning birinchi kuni mediatur ishtirokchilari eski Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab “Sudoche” ko‘li flora va faunasi bilan tanishishdi, tabiatda kamyob uchraydigan flamingo qushlarini tomosha qilishdi, “Sudoche”dagi XII-XIII asrlarga tegishli tarixiy obida – signal minorasiga safar uyushtirdi va shu kuni Orol dengiziga yetib kelib, dengiz qirg‘og‘idagi o‘tovlarga joylashdi va kechasi olov atrofida madaniy-adabiy tadbirlar uyushtirishdi.

Mediaturning ikkinchi kuni Orol dengiziga cho‘milish, dengizda katerda va dengiz qirg‘og‘ida kvadratsikllarda uchish hamda mutaxassislar bilan intervyular uyushtirish bilan boshlandi.

Bepoyon Qoraqalpoq yurtidagi shunday mu’jaz maskanlarni ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan mediatur ishtirokchilarining hayrati har qadamda yanada oshib bora berdi. Dengizning g‘arbiy qismiga ikki kilometr joyda Ustyurt platosi chinki ostida joylashgan tarixiy esdalik – XII-XIII asrlarga tegishli «Kurgancha» (Dauletgirey) arxeologik kompleksiga, Ustyurt kanonlariga, hali o‘z sirini ochmasdan yotgan ko‘chmanchi qabilalar davriga oid qator tariyxiy ob’ektlarga safar uyushtirdi.

Ommaviy axborot vositalari xodimlarini Orol dengizi hududiga sayoxatga olib chiqish ilk bor tashkil qilindi, – deydi mediatur tashkilotchisi, Qoraqalpog‘iston axborot agentligi direktori Ye.Qanaatov. Orol muammosi haqida ijod qilayotgan kasbdoshlarimiz ko‘p, lekin Orol dengizini, hududdagi ekologiyak vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, yuragidan o‘tkazib ijod qilgan boshqa. Mo‘ynoq tumani ko‘pchilikning tasavvurida faqat fojeali ekologik zona sifatida gavdalanadi. Lekin, bu to‘g‘ri emas. 240dan ortiq turdagi qushlar saltanati hukm surayotgan “Sudoche” ko‘lini, betakror Ustyurt chinklarini, kanonlarini, mo‘’jaz Orol dengizi akvatoriyasini va Ustyurt kengliklaridagi ko‘plab uchrashadigan tarixiy obidalarni ko‘rgan kishi butun umr ushbu makonga mehir bog‘lashi tabiiy. Demak, Mo‘ynoq tumani va Orol dengizi hududini hamma ko‘rishi kerak.

Qoraqalpog‘istonda yashab turib Orol dengizini ko‘rmaganlar ko‘p, – deydi Qoraqalpoq davlat universiteti dotsenti Yakub Ametov. Mening o‘zimning ham Orolni ko‘zim bilan ko‘rish buyuk orzuim edi. Bunday go‘zal manzaralarni umrimda birinchi bor ko‘rishim. Mo‘ynoq tumanida shunday go‘zal maskanlar bor ekan, demak ekoturizmni rivojlantirishga katta potensial mavjud. Birinchi navbatda mahalliy turizmni rivojlantirish kerak.

Mediatur tafsilotlari haqida ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda, internet nashrlarida batafsil yoritilib boriladi.

Tadbirda jurnalistik materiallar tayyorlashda O‘zFA Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muxofaza qilish davlat qo‘mitasi mutaxassis va olimlari yaqindan yordam ko‘rsatishdi.

2 kunlik mediaturni tashkil qilishda “O‘zavtodaryotrans” Qoraqalpog‘iston bo‘limi, “UzKorGas Chemical”, «Zarubejneftegaz – GPD Sentralnaya Aziya» MChJ, “Ustyurtgaz” MChJ korxonalari, shuningdek “Tazabay grand service” MChJ va “Ayim tour” turistik kompaniyasi hamkorlik qilishdi.

Quyida mediatur tafsilotlariga oid rasmlar bilan tanishishingiz mumkin.

«Sudoche» ko‘li

Ustyurtning ajoyib chinklari

«Sudoche» ko‘lining «Oqushpa» bo‘limi

Safarda shunday asbob va texnologiyalardan foydalanish zarur edi.

XII-XIII asrlarga tegishli signal minorasi. Sudoche. Ushbu minoradan har zamonlarda odamlar har xil maqsadlarda foydalangan. O‘tgan yillarning 60-yillarigacha ushbu minoradan mayak sifatida foydalanilgan, ya’ni Mo‘ynoq tumanidan suv, oziq-ovqat va boshqa narsalar ortilgan yuk kemasiga shu yerdan signal berilgan

Ijodiy jarayon

Ustyurt platosida har qadamda kaltakesaklarni, chayonlarni (toshlarning ostida) uchratish mumkin

Urge. Xavfli qiyaliklar

O‘tgan asrning 60-yillarda Orol dengizi qaytganidan keyin, suv taqchilligi tufayli Urge baliqchilar qishlog‘idan ham odamlar boshqa joylarga ko‘chishga majbur bo‘lishdi. Siz ko‘rib turgan ushbu joy 12 kilometrlik tor ko‘chalar bo‘lgan va u yerda 7 mingga yaqin aholi istiqomat qilgan. Bugungi kunda bu joylar tarixga aylangan.

Flamingo izlab… Ijodiy xodimlar flamingo izlab 5 km piyoda yurishga majbur bo‘lishdi, lekin flamingo o‘z go‘zalligini osongina namoyon qilib quymaydi. Flamingoni ko‘rish uchun kamida 3 kunga atayilab kelish kerak va qo‘lay paytni kutib, suvning ichida qayiqda yotish kerak

 

Orol dengizi qirg‘og‘ida kaklik qushini ko‘rib hayratimiz oshdi.

Orol dengizi.Tonggi peyzaj

Orol dengizining eng teran joyi – Aqtumsiq.

Orol dengizi qirg‘og‘i. Shu yerdan dengiz qirg‘ogidagi o‘tovlargacha masofa 1 kmni tashkil qiladi.  ​

Dengiz qirg‘og‘ida sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, juda minnatdor bo‘ldik

Dengizga 100 metr masofagacha avtotransportlarda kelish mumkin.

Dengizda katerda va qirg‘oqda kvadratsikllarda uchish mediatur ishtirokchilarining butun umr yodida qolarlik voqea bo‘ldi.

Orol dengizi.

Ijodiy jarayon. Fonda Orol dengizi akvatoriyasi.

Ustyurt. Ko‘chmanchi qabilalar qabrlari. XVII-XVIII asrlar.

Betakror Ustyurt kanonlari.

«Orol, xayr, ko‘rishguncha! Biz seni ko‘rishga qaytamiz va Sen ham avvalgi qirg‘oqlaringga qayt!» Mediatur ishtirokchilari shu kayfiyat bilan Orol dengizidan Mo‘ynoq tumaniga yo‘l oldi. Mo‘ynoq shu joyga 130 km.

Mo‘ynoq. Kemalar qabristoni. Mediatur yakuni.

Qoraqalpog‘iston axborot agentligi