1991 yilning 16 dekabrida Qozog‘iston davlatchiligi tarixida yangi sahifa ochildi. O‘sha kuni Qozog‘iston xalqi suverenitet, ozodlik, dunyoga ochiqlikni tanladi.
Bugun bu qadriyatlar kundalik hayotning bir qismiga aylangan. Mustaqillik yillarida Qozog‘iston o‘z qiyofasiga, xususiyatlariga va mavqeiga ega bo‘lgan, muvaffaqiyatlarga erishayotgan davlatga aylandi. 1997 yilda Qozog‘istonning 2030 yilgacha rivojlanish strategiyasi qabul qilingan edi. 2013 yildan boshlab mamlakatda “Qozog‘iston–2050” strategiyasi maqsadlarini hayotga tatbiq etish boshlab yuborildi. Bu strategiyaning asosiy maqsadi Qozog‘istonni iqtisodiyoti taraqqiy etgan dunyoning 30 ta davlatidan biriga aylantirishdan iboratdir.
0a4196752d7ff4665ea7892e802a392f_XL.jpg
Mamlakatda, yana bir muhim sana keng nishonlandi. Aholi har yili 1 dekabrda Birinchi prezident kunini bayram qiladi. Chunki Qozog‘istonning oyoqqa turishi va rivojlanishi birinchi prezident, elboshi Nursulton Nazarboyev nomi bilan bevosita bog‘liq.
88_main.jpg
Qozog‘istonning qo‘lga kiritgan yutuqlaridan yana biri, shubhasiz, Ostonadir. Mustaqillik davrida mamlakatning yangi poytaxti – Ostona qurildi. Bu shahar bugungi kunda qozoq xalqining ramzi va faxriga aylandi. Dunyoga mamlakatning imkoniyatlarini ko‘rsatish uchun poytaxt salohiyatidan samarali foydalanilmoqda. Xalqaro hamjamiyat aynan shu bois, “EXPO-2017” xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazish joyi sifatida Qozog‘istonni tanladi. Mazkur xalqaro ko‘rgazma o‘tgan yili “Kelajak energiyasi” shiori ostida o‘tgandi.
40356-6-astana_otmechaet_yubil_ru.jpg
Istiqlol yillarida Qozog‘istonning bozor iqtisodiyotiga o‘tishi, fuqarolik jamiyati barpo etishi uchun, barqarorlik, millatlararo va dinlararo totuvlikka erishilishi yo‘lida huquqiy asoslar yaratildi. Bugungi kunda Qozog‘istonning barcha fuqarolari teng huquq va imkoniyatlarga ega. Etnik, madaniy va diniy xilma-xillikka qaramay, mamlakatda tinchlik va siyosiy barqarorlik saqlab qolindi. Qozog‘iston 140 elat va 17 konfessiya vakillarining uyiga aylandi.
promo.jpg
O‘zbekistonda Qozog‘istonga vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli qo‘shni sifatida qaraladi. Qozog‘iston ham mamlakatimizga ana shunday nuqtai nazar bilan qaraydi. O‘zbek va qozoq xalqlarini ko‘p asrlik qardoshlik rishtalari, mushtarak tarix va taqdir, ma’naviy va madaniy qadriyatlar, o‘xshash til va mentalitet birlashtirib turadi.
Xalqlarimizning umumiy tarixiy merosini, shuningdek, ularning buguni va kelajagini bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Biz har doim o‘zaro yaqin bo‘lganmiz va hamisha bir-birimizga suyanamiz. Zero, geografiya bizni qo‘shni, tarix – qon-qardosh, siyosat – ittifoqdosh, iqtisod – hamkor qildi. Mana shu jihatlarning hammasi bizlarni bir-birimizga yaqinlashtirib, birlashtiradi.
O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish nafaqat o‘zaro hamkorlikning uzoq muddatli istiqbollari, ayni vaqtda butun Markaziy Osiyo mintaqasi barqarorligi va ravnaqini ta’minlash nuqtai nazaridan ham alohida muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Abadiy Do‘stlik to‘g‘risida bitim imzolangan.
Qozog‘iston O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy sohadagi muhim sheriklaridan biri bo‘lib, o‘zaro savdo izchil va barqaror o‘sib bormoqda. Mamlakatlarimiz madaniyat va san’at sohasida faol hamkorlik qilib kelmoqda. Misol uchun, o‘zbekistonlik xalq ustalari Olmaota shahrida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo hunarmandlari ko‘rgazma-yarmarkasida muntazam ishtirok etib kelmoqda. Ostona, Olmaota va boshqa shaharlardagi badiiy galereyalar va muzeylarda mashhur o‘zbek rassomlarining ko‘rgazmalari namoyish qilinmoqda. O‘zbekiston musiqa va teatr jamoalarining Qozog‘istonga gastrollari tashkil etilmoqda. O‘zbekiston kinematografchilari o‘z filmlari bilan Qozog‘istonda o‘tkazilayotgan kinofestivallarda ishtirok etmoqda.
Qozog‘istonlik san’atkorlar Samarqandda o‘tadigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining hamda mamlakatimizda tashkil qilinadigan boshqa ko‘plab yirik madaniy tadbirlarning doimiy va faol qatnashchilaridir.
O‘zbekistonda yuzdan ortiq qozoq milliy-folklor va estrada ansambllari faoliyat ko‘rsatayotir. Jumladan, Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida “Do‘mbira” qozoq ansambli, Bo‘stonliq tumanida “Dorin” ansambli mavjud. Toshkent viloyatida folklor-ashula, Xorazm viloyatida ashula va raqs ansambllari tashkil etilgan.
Ikki davlat rahbarlarining muntazam muloqotlari do‘stona va samarali mazmun-mohiyatga ega ekanligi ikki tomonlama munosabatlarning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashmoqda. Bu mintaqaviy barqarorlikni yanada mustahkamlashning, O‘zbekiston — Qozog‘iston hamkorligi salohiyatini namoyon etish hamda mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stona, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qo‘llab-quvvatlashning kafolati hisoblanadi.
Sharofiddin To‘laganov

 

O’zA