IJTIMOIY HIMOYAGA OID QONUN LOYIHALARI MUHOKAMADA

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining qonun loyihalari muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda qo‘mita a’zolari, Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari, ekspert guruhi a’zolari, mutasaddi vazirlik va idoralarning mas’ul rahbar va xodimlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan vazifalarning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash bo‘yicha qator qonun loyihalari ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasida keng muhokama qilinmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan hamda Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasida ko‘rib chiqilayotgan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham shular jumlasidan bo‘lib, mazkur hujjat fuqarolarning pensiya ta’minotiga bo‘lgan huquqlarini yanada mustahkamlashni ko‘zda tutadi.

Mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2017 yil 28 dekabrdagi mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi ayrim alohida toifadagi pensionerlarga maqbul sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan. Qonun loyihasi alohida toifadagi I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga imtiyozli pensiyalar tayinlash, shuningdek, pensiyalar to‘g‘ri tayinlanganligi va to‘lanishi borasida o‘tkazilayotgan tekshirishlar natijasiga ko‘ra, aniqlangan ortiqcha to‘lovlarni pensiyalardan ushlab qolish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan.

Yig‘ilishda qo‘mita tomonidan ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotgan qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari qator taklif va mulohazalarini bildirdilar. Jumladan, munozaralar vaqtida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari tomonidan qonun loyihasi partiya dasturiy maqsad va vazifalariga to‘la mos kelishi, shuningdek, davlatimiz tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga hamohangligi aytib o‘tildi.

O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi a’zolari mazkur qonun loyihasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlarga muvofiq alohida toifadagi I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiya tayinlash belgilanganligini to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini ma’lum qildilar.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi a’zolari qonun loyihasining ayrim normalariga e’tiroz bildirib, uning moddalariga kiritilayotgan qo‘shimchalar asoslantirilmaganini ta’kidlab o‘tdilar. Shuningdek, imtiyozli pensiyaga chiqishga ega bo‘lgan alohida shaxslarning ro‘yxati hukumatning qarori bilan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq amalga oshirilishi to‘g‘risidagi qoidalar havolaki normalarda bayon etilgani, ularni aynan mana shu qonun loyihasida aks ettirish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi kelajakda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ham ijtimoiy, ham ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi, shu bois, uning normalarida aks ettirilayotgan imtiyozlar hayotiyligini ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda qo‘mitada ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilayotgan nogironlarning ijtimoiy himoyasi, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlashni nazarda tutuvchi yana ikkita qonun loyihasi ham atroflicha muhokama qilindi. Qizg‘in bahs va munozaralarga boy tarzda o‘tgan yig‘ilish so‘ngida muhokama qilingan qonun loyihalari yuzasidan fraksiyalar va deputatlar birlashmalari tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda qo‘mita tomonidan ularni mutaxassislar bilan birgalikda yana bir bor ko‘rib chiqish belgilab olindi.

 

N.Usmonova, O‘zA