Ikki tomonlama munosabatlarda boshlangan yangi davr

AQSHda har yili 4 iyul sanasida Mustaqillik kuni (Independence Day) nishonlanadi. 
1976 yilning 4 iyulida AQSH Mustaqillik Deklaratsiyasi qabul qilingan. Shu sanada erkin va mustaqil mamlakat sifatida Qo‘shma Shtatlar paydo bo‘lgan kun sifatida bayram qilinadi. Ko‘plab amerikaliklar bu kunni oddiygina qilib – “To‘rtinchi iyul” sifatida bayram qilishadi. Bayram munosabati bilan mushakbozliklar, paradlar, karnavallar, yarmarkalar, konsertlar va boshqa oilaviy tadbirlar o‘tkaziladi, siyosatchilar xalqqa murojaat bilan chiqishadi. Bir so‘z bilan aytganda, mustaqillik kuni – bu AQSHning milliy bayramidir.
Milliy bayram munosabati bilan AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Pamela Spratlen xonim Toshkentda qabul marosimi o‘tkazdi. Amerika Qo‘shma Shtatlari mustaqilligining 242 yilligini nishonlash uchun uyushtirilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, O‘zbekiston hukumati va jamiyatining barcha qatlamlarini namoyon etuvchi mehmonlar, diplomatik korpus vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
AQSH elchisi Pamela Spratlen xonim o‘z nutqida Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi tobora kengayib borayotgan hamkorlik mavzusiga to‘xtalib o‘tar ekan, “ikki tomonlama munosabatlarimizda darhaqiqat “yangi davr”ni boshladik”, deya alohida ta’kidlab o‘tdi.
U o‘z so‘zida bu tadbir AQSHning O‘zbekistondagi elchisi sifatida o‘zi ishtirok etadigan ehtimol oxirgi rasmiy tadbirlarning biri ekanligini eslatib o‘tar ekan, kuni kecha Prezident D.Tramp AQSHning O‘zbekistondagi elchisi etib Daniyel Rozenblum nomzodini ko‘rsatish niyati haqida e’lon qilganini bildirdi.
“Vaqt o‘tib borar ekan, men uch yil avval kelgan mamlakatdan bugun ancha farq qiladigan O‘zbekistonda turib sizga murojaat qilmoqdaman. 2015 yili yanvar oyida O‘zbekistonga kelgach, meni Birinchi Prezident Islom Karimov samimiy qabul qilishi ancha yengillik yaratdi, ammo ikki tomonlama siyosatda jiddiy masalalar turardi. Birgalikda o‘tkazgan ushbu vaqt mobaynida biz ikki mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yangiladik va qayta jonlantirdik, va bu hol Prezident Mirziyoyev va Prezident Trampning o‘tgan oyda Vashingtonda bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuvida o‘z aksini topdi”, dedi AQSHning O‘zbekistondagi elchisi. Uning fikricha, mazkur uchrashuv AQSHning O‘zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga bo‘lgan qat’iy majburiyatini yana bir bor tasdiqladi. “Prezident Tramp Prezident Mirziyoyevning serg‘ayrat rahbarligidagi muhim siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar borasida O‘zbekistonda olib borilayotgan ulkan yutuqlarga bo‘lgan hurmatini izhor etdi. Biz Prezident Mirziyoyevning O‘zbekistondagi jarayonlar ortga qaytmaydi, degan bayonotini va O‘zbekiston xalqi manfaatlarini himoya qilish eng ustuvor vazifa, deb ta’kidlaganini olqishlaymiz”, deya so‘zini davom ettirdi elchi Pamela Spratlen xonim.
AQSH diplomatining so‘zlariga qaraganda, odil boshqaruv, sud islohoti va qonun ustuvorligi, iqtisodiy liberallashtirish va ijtimoiy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan harakatlar strategiyasi milliy yangilanishni boshlab yubordi va global e’tirofga sazovor bo‘ldi. O‘zbekistonning yaxshi qo‘shnichilik siyosati uning Markaziy Osiyoda barqarorlik va farovonlikni ta’minlashdagi muhim rolini oshirmoqda. O‘zbekiston olib borayotgan tashabbus hamkorlikni mustahkamlashga, og‘ir damlarda yelkadosh bo‘lishga va mintaqaviy xavfsizlik masalalarini hal etishga, shu jumladan, Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan. Bu tashabbus doirasida avval noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan konferensiya, so‘ng Afg‘oniston bo‘yicha Toshkentda mart oyida konferensiya o‘tkazildi. Prezident Tramp O‘zbekistonning ushbu muhim muloqotdagi markaziy rolini e’tirof etdi va Qo‘shma Shtatlarning C5+1 mintaqaviy formati orqali hamkorlik va rivojlanishga ko‘mak berishini o‘z zimmasiga oldi.
“Inson huquqlari kabi muhim sohada biz yaqinda ko‘plab mahbuslarning ozod qilinishini, bolalar mehnatidan sistematik tarzda foydalanish hollariga chek qo‘yishni va majburiy mehnat ko‘lamini kamaytirish borasidagi sezilarli yutuqlarni olqishlaymiz”, deya qayd qildi AQSH elchisi.
Kuni kecha Davlat kotibi Pompeo Odam savdosi bo‘yicha yillik hisobotni e’lon qildi. “Oldinda hali qilinishi kerak bo‘lgan ko‘p ish bor, ammo biz O‘zbekistonning ulkan yutuqlarini e’tirof etamiz. Shuni ma’lum qilishdan mamnunmanki, O‘zbekiston ushbu hisobotdagi ikkinchi nazorat pog‘onasiga ko‘tarilgan. Bizning keng qamrovli mushtarak ishimiz doirasiga xavfsizlik sohasidagi hamkorlik kiradi. Jumladan, O‘zbekiston harbiylari malakasini oshirish hamda xalqaro jinoiy guruhlar va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda huquqni muhofaza qilish organlari hamkorlik olib bormoqdalar”, dedi Amerikaning O‘zbekistondagi elchisi.
Uning so‘zlariga qaraganda, O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar yanada jo‘shqin qishloq xo‘jaligini yaratish, savdo, iqtisodiy o‘sish, qonun ustuvorligini kengaytirish va yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish yo‘lida yaqindan hamkorlik qilmoqdalar.
“Xalqlarimiz orasidagi bevosita aloqalarimiz negizi bo‘lmish ta’lim va madaniyat sohasidagi hamkorlikdan men g‘oyat mamnunman. “Amerika ovozi” va Xyuman Rayts Uotch kabi tashkilotlarning O‘zbekistonga kelishi quvonarlidir. Amerika Ta’lim Kengashlarining yaqin orada ta’lim sohasidagi hamkorligimizni yanada yuksak darajaga ko‘taradi. Boshqa tashkilotlar ham ularning izidan kelishini kutib qolamiz. Madaniy almashinuvimizda biz mushtarak umumbashar qarashlarga ega ekanligimizdan quvonamiz”, dedi Pamela Spratlen xonim.
Shu bilan birga uning “yangilanayotgan iqtisodiy hamkorligimizning belgisi sifatida AQSH va O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoyevning Vashingtonga tashrifi chog‘ida qariyb 5 milliard dollarlik 20 dan ortiq yirik biznes bitimlarini imzoladilar”, degan so‘zlari ko‘pchilikni befarq qoldirmadi. Oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo Savdo Forumi mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy o‘sish masalalarini muhokama qiladi. Savdo va investitsiyalar bo‘yicha doiraviy bitim savdo siyosati masalalariga yechim topadi, Amerika – O‘zbekiston Savdo Palatasi o‘zining 25 yilligini nishonlaydi.
Elchining ta’kidlashicha, bugungi kunda O‘zbekistonda shu qadar ko‘plab ijobiy va konsturktiv o‘zgarishlar yuz bermoqda. “Bu yerda ayni davrda bo‘lish insonga ilhom baxsh etadi. Mustahkam sheriklik mushtarak sa’y harakatlarni talab etadi”, dedi AQSH elchisi.
AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Pamela Spratlen xonim o‘z so‘zlarni quyidagicha yakunladi:
“Mamlakatning barcha burchaklaridagi va hukumatning barcha bo‘g‘inidagi hamkorlarimizga rahmat deymiz! Shuningdek, parlament a’zolari, matbuot, sud huquq tizimi, san’at va fuqarolik jamiyati vakillariga tashakkur. Sizlar bilan tanishganim va ishlaganim men uchun katta sharafdir. Va nihoyat, go‘zal tabiati va mashhur madaniy merosi bilan dunyoga dong‘i ketgan ushbu ajoyib yurtning xalqiga, men deyarli to‘rt yil davomida menga ko‘rsatgan saxovatingiz va mehr-muhabbatingiz men uchun katta sharaf va buning uchun oldingizda tavoze va ta’zimdaman. Mening amerikalik yurtdoshlarim O‘zbekistonga tashrif buyurganda menga doim “O‘zbekiston xalqi naqadar samimiy va mehmondo‘st ekan” deb aytadilar. Men bu so‘zlarga butun vujudim bilan qo‘shilaman va faxrlanaman. Men O‘zbekistondagi jarayonlarni Vashingtonda turib bajoni dil kuzatib boraman”.

 

Sharofiddin To‘laganov, O‘zA