Kembrij universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

2018-yil 2-iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti professori, Kembrij Markaziy Osiyo forumi raisi Sidxart Saksena bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh.Minavarov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori B.Mamadiyev, O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi direktori o‘rinbosari D.Rasulov va sharqshunos olim S.G‘ulomov ishtirok etdi.
Sh.Minavarov joriy yil mart oyida O‘zbekiston delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga safari g‘oyat samarali kechgani, ilmiy-ma’rifiy sohada ko‘plab kelishuvlarga erishilganini ta’kidladi. Kembrij Markaziy Osiyo forumi bilan ilmiy-tadqiqot va madaniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlik ikki mamlakat uchun ham birdek manfaatli bo‘lishini qayd etdi.
Uchrashuvda o‘zaro tadqiqotchilar almashish, Kembrij universitetida “O‘zbek tili” kurslarini tashkil etish, o‘zbekistonlik tadqiqotchilarning ilmiy maqolalarini Buyuk Britaniyaning nufuzli ilmiy jurnallarida chop etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Kembrij universitetidagi “O‘zbek tili” kurslari tinglovchilari uchun o‘quv qo‘llanmalari tayyorlanayotgani ma’lum qilindi.
Sh.Ziyodov Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan muzokaralar asosida “Samarqand va Buxoro madrasalari tarixi” va “Maxdumi A’zam majmuasi qabrtoshlaridagi bitiklar katalogi” mavzularida ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. Ushbu ilmiy loyihalarni Kembrij universiteti hisobidan moliyalashtirish masalasi muhokama qilindi.
S.Saksena kelishilgan barcha tadbirlar bo‘yicha aniq reja ishlab chiqilgani va uning ijrosi bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi bilan Kembrij Markaziy Osiyo forumi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

 

O‘zA