Tibbiyot muassasalaridagi uzundan-uzoq navbatlarga endi batamom chek qo‘yilishi mumkin

Gap shundaki, aholining shifokor qabulida navbat kutib qolishi, kasallik tarixi haqidagi ma’lumotlarni umumlashtirish bilan bog‘liq ortiqcha vaqt yo‘qotishlarning oldini olishga qaratilgan “Klinik.uz“ dasturi yaratildi.
Qashqadaryo viloyatidagi Qovchin qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejining 2-bosqich o‘quvchisi Doston Xolboyev tomonidan yaratilgan mazkur dastur yordamida fuqarolar pasport ma’lumotlarini kiritish orqali ro‘yxatdan o‘tishi va kasallik tarixini dasturga joylashtirishi mumkin. Shifokor bemorning pasport ma’lumotlarini dasturga kiritish orqali uning kasallik tarixi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, ham shifokor, ham fuqaroning ortiqcha vaqt yo‘qotishining oldini oladi. Shuningdek, dastur yordamida foydalanuvchilar shifokor qabuliga yozilishi, qo‘yingki, tibbiyot muassasalari bilan bog‘liq har qanday amaliyotni onlayn tarzda amalga oshirishi mumkin. Yana bir e’tiborli jihati, ushbu dasturning mobil ilovasi ham mavjud bo‘lib, bu foydalanuvchilar uchun yanada qulaylik yaratadi.
Farg‘ona sanoat kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Muhammadqodir Abduvoitovning turizmni rivojlantirish borasidagi innovatsion ishlanmasi ham alohida e’tirofga munosib. U “VR TOUR UZBEKISTAN” ilovasini yaratdi.
– Sayyohlar ko‘p hollarda “u yer borishimga arzirmikan”, degan savol bilan ikkilanishadi, – deydi u. – Albatta, bunday holat ularning ma’lum bir joy haqida yetarli ma’lumotga ega emasligi oqibatida paydo bo‘ladi. “VR TOUR UZBEKISTAN” ilovasi orqali endi buning oldini olish imkoniyati bor. Ya’ni, sayyohlar ilova yordamida yurtimizning istalgan shahrini virtual tomosha qilishi mumkin bo‘ladi.
Muhammadqodirning ta’kidlashicha, ilovadan sayyohlarning aviareyslar uchun chipta buyurtma qilishi, shuningdek, mehmonxona, restoran, taksi xizmatidan foydalanishi kabilar ham o‘rin olgan bo‘lib, bu birinchidan, yurtimizning sayyohlik salohiyatini yanada keng targ‘ib qilish, ikkinchidan, ularga sifatli xizmat ko‘rsatishga zamin yaratadi.
Ayni yo‘nalishda qoraqalpog‘istonlik, Nukus turizm va servis kollejining 1-bosqich bitiruvchisi Dilfuza Karamadinovaning innovatsion g‘oyasi ham turizm rivojida muhim ahamiyatga ega. U o‘tov ichida 60 o‘rinli kinoteatr loyihasini yaratdi. E’tiborli jihati, sharqona milliy uslubdagi ko‘chma o‘tov-kinoteatrlar sayyohlar e’tiborini tortishga shubha yo‘q. Kinoteatrda turizm va milliy qadriyatlarimiz bilan bog‘liq videoroliklar namoyish etiladi.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Yoshlar oromgohida Doston, Muhammadqodir va Dilfuza singari iste’dodli 42 nafar yoshning texnika, tibbiyot, turizm, tasviriy san’at, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi ixtirolari namoyish etildi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi “Yoshlar qanoti“ tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yosh innovatsiyachi“ ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi doirasida yoshlarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan o‘quv seminari ham o‘tkazildi. Tanlov doirasida yosh iqtidor sohiblarining taniqli olimlar bilan uchrashuvini o‘tkazish ham rejalashtirilgan.

 

A.Xudoyqulov, O‘zA