Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida Prezidentimizning 2018 yil 27 iyundagi “O‘zbekistonda oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati, shu asosda amalga oshirilayotgan ishlar samarasi muhokama qilindi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oila va ayollar komissiyasi a’zolari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa tegishli idoralar vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Davra suhbati ishtirokchilarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda oila institutini mustahkamlash konsepsiyasining Prezident qarori bilan tasdiqlangani, bu borada yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish kun tartibidagi dolzarb masala ekani jamiyatda oilalarga e’tibor kuchayganidan dalolat.

Muhokamalar davomida konsepsiyaning mazmun-mohiyati va uni amalga oshirish yuzasidan ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” ishtirokchilar e’tiborida bo‘ldi.

Tadbirda mamlakatimizdagi ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga muvofiq kelgusida tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha olib boriladigan ishlar rejalashtirib olindi.

 

I.Ahatova, O‘zA