Jizzaxda turizm qachon rivojlanadi?

Jizzaxda turizm qachon rivojlanadi?

Nurota tog‘lari etagida joylashgan Uxum qishlog‘i betakror tabiati bilan har qanday odamni o‘ziga maftun etadi. Ayniqsa, bu tomonlarga birinchi bor kelgan kishi atrofdagi biologik xilma-xillikdan ko‘zini uzolmay qoladi.

Ana shu tabiiy imkoniyatlardan foydalangan Narzullo Musayev 2016-yilda ikki xonadan iborat uy-mehmonxona tashkil etib, sayyohlarga xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ygan edi. Natija yomon bo‘lmadi. Daromadini biznes rivojiga sarflab, 60 o‘rinli yana 3 ta uy-mehmonxona qurdi.

15.JPG

Hozir Narzullo Musayevning “NURATAU-XIKING” oilaviy korxonasida 4 kishi doimiy ish bilan ta’minlangan. Hududga mehmonlar oqimi kelishi ortgan mavsumda qo‘ni-qo‘shni va qarindoshlar xizmatidan ham foydalaniladi. Bu mavsumda qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi, deganidir.

– O‘tgan yili 700 ga yaqin sayyohga xizmat ko‘rsatdik, – deydi tadbirkor. – Mehmonlar dunyoning turli davlatlaridan keladi, lekin ular orasida fransiyaliklarning salmog‘i ko‘proq. Sayyohlarni nafaqat tabiat, balki xalqimizning urf-odat va an’analari, turmush tarzi ham qiziqtiradi. Shuning uchun mehmonxonamizning jihozlanishi, taom tayyorlash, xizmat ko‘rsatishda sayyohlarga milliyligimizni namoyish etishga alohida e’tibor qaratamiz.

Jizzax shahridan 150, Forish tumani markazidan 50 kilometr uzoqda joylashgan qishloqqa Yevropadan, xususan, Fransiyadan sayyoh jalb qilish oson emas. Mehmonlarning maroqli va mazmunli dam olishi uchun yaxshi sharoit, sifatli xizmat ko‘rsatish to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani tadbirkorning galdagi rejalari yuqori bo‘lishini ta’minlamoqda.

8.JPG

Tadbirkor erishilayotgan natijalar bilan qanoatlanib qolayotgani yo‘q. Bankdan kredit olib, faoliyatini yana kengaytirish niyatida. Yana bir jihati, turizm yo‘nalishida e’lon qilinayotgan yangi-yangi qo‘llanmalar bilan doimiy tanishib boradi. Ingliz va rus tillarida bemalol so‘zlasha olsa-da, o‘z ustida ishlashni kanda qilmaydi. Farzandlarining, mehmonxonada ishlayotgan xodimlarning ham til o‘rganishini rag‘batlantirib boradi.

Forish tumanining chekka qishlog‘ida ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar viloyatda ushbu sohaning imkoniyatlari katta ekanini ko‘rsatib turibdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 17-maydagi “2017-2019-yillarda Jizzax viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari” dasturida viloyatda turizmni rivojlantirishga qaratilgan 48 loyihani amalga oshirish belgilangan. Biroq, hozirgi kungacha ularning 22 tasi amalga oshirilganini yetarli, deb bo‘lmaydi.

Ayniqsa, viloyatning markaziy qismida, xalqaro avtomagistral yaqinida sayyohlik infratuzilmasini barpo etish borasida olib borilayotgan ishlar talab darajasida emas. Masalan, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Nukus shaharlari, umuman, yurtimizning janubiy hududlariga o‘tayotgan sayyohlar yo‘lidagi muhim bekat –Ilono‘tti darasidagi Amir Temur darvozasi, Temur g‘ori atrofini obodonlashtirish ishlari paysalga solib kelinmoqda.

Hududda tadbirkor Nulufar Abduraimova tomonidan qurilayotgan mehmonxona va dam olish maskani majmuasida ish sust borayotir. Umumiy qiymati 1 milliard 700 million so‘mlik bo‘lgan ishning 1 milliard so‘mlik qismini tadbirkor o‘z hisobidan bajardi. Loyihani to‘liq ishga tushirish uchun ko‘zda tutilgan 700 million so‘m bank krediti esa hamon ajratilgani yo‘q.

Eng ko‘p sayyohlik hududi bo‘lgan Zomin tumanining Hulkar qishlog‘ida “Sehrli qarmoq” sayyohlik zonasini barpo etish loyihasini amalga oshirishda ham shunday sustkashlikni ko‘rish mumkin. Tadbirkorda tegishli hujjatlar, yetarli mablag‘ bo‘lishiga qaramay, inshootni qurish uchun yer uchastkasi ajratish paysalga solinmoqda.

Bu sustkashlik faqat ushbu turistik inshootlargagina xos emas. Birgina Zomin tumanining o‘zida turli bahonalar bilan 8 turistik loyihani amalga oshirish boshlanmay turibdi.

– Haqiqatan ham, hududimizdagi turistik imkoniyatdan to‘liq foydalanilyapti, deb bo‘lmaydi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi S.Qoraboyev. – Turistik manzillarning bir-biridan uzoqligi, yo‘llarning talab darajasida emasligi, telefon, internet, kommunikatsiya tizimlaridagi kamchiliklarni bunga sabab qilib keltirish mumkin. Sohada tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi e’tiborsizlik ham jiddiy sabablardan biri. Ayni paytda bu kamchiliklarni tezroq bartaraf etish bo‘yicha mahalliy hokimliklar bilan birgalikda zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Endigina tashkil etilgan turizmni rivojlantirish viloyat hududiy boshqarmasi barcha muammoni hal etishga qodir emasligi ma’lum. Hududdagi turizmning bugungi ahvoli esa, sohada tezroq tub burilish yasashni taqozo etmoqda. Tub burilish qilish uchun shahar, tuman hokimlari, hududiy sektor rahbarlari turizmga munosabatni, turizmni rivojlantirishga qarashlarini ham tubdan o‘zgartirishi kerak.

 

Toshqul BЕKNAZAROV, O‘zA O‘zA fotomuxbiri Jamshid YORBЕKOV olgan suratlar

  03.07.2018, 10:22  |    326 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!