O‘zbekiston – Turkmaniston ishchi guruhlarning Bayonnomasi imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 1-iyulga qadar Turkmanistonda O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha O‘zbekiston – Turkmaniston hukumatlararo qo‘shma komissiyasi ishchi guruhining navbatdagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston – Turkmaniston chegarasining ayrim uchastkalarida birgalikda dala tekshiruvlari natijalari ko‘rib chiqildi.
Ishchi guruh uchrashuvlari yakunlariga ko‘ra, Bayonnoma imzolandi.
2017-yildan buyon O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, ko‘p yillik tanaffusdan so‘ng davlat chegarasini demarkatsiya qilish bo‘yicha ikki mamlakat ishchi guruhlarining muzokaralari qayta boshlandi va hozirgi vaqtga qadar joylarda chegara o‘tish chizig‘ini aniqlash maqsadida 9 uchrashuv o‘tkazilgan.
Muzokaralar do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik hamda o‘zaro manfaatlarni inobatga olish ruhida o‘tdi. Bu esa Ashxobod va Toshkentdagi oliy darajadagi uchrashuvlar davomida ikki mamlakat Prezidentlari kelishuvlarining amaliy tadbig‘i hisoblanadi.

 

O‘zA