Mas'uliyatli jarayonga tayyorgarlik qizg'in

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 16 noyabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning borishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, mazkur qaror asosida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun o‘tkaziladigan test sinovlarida tub o‘zgarishlar bo‘lmoqda.

Test sinovlari o‘tkazilishi belgilangan bino va ularning hududlarini jihozlash bo‘yicha qo‘yiladigan talablar tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishildi. Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan test sinovlari o‘tkaziladigan binolar tanlab olindi. Hozir ularni test sinovlariga tayyorlash ishlari bajarilmoqda.

Test sinovlari jarayonining ochiq va xolis o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida tanlangan binolarga shaxsni identifikatsiyalash vositalari, videosifikatsiya qurilmalari, video kameralarni va abituriyentlarning ota-onalari kutish joylariga monitorlar o‘rnatish belgilandi.

Oliy va o‘rta maxsus va Xalq ta’limi vazirliklari hamkorlikda 2018/2019 o‘quv yilida oliy ta’lim dargohlarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun test sinovlari jarayonida guruh nazoratchilari sifatida jalb etilishi belgilangan 8330 pedagog xodimlarning ma’lumotlar bazasi shakllantirildi.

Shaxsni identifikatsiyalash vositalari, videosifikatsiya qurilmalari, metallodetektorlar, test sinovlari jarayonini yoritish monitorlarining texnik imkoniyatlari sinovdan o‘tkazildi.

Test sinovlari materiallarini o‘z vaqtida belgilangan hududlarga yetkazilishi va olib kelinishini ta’minlash yuzasidan reja jadvali ishlab chiqildi va kelishilgan holda tasdiqlandi.

Test sinovlari jarayonining nazoratini amalga oshiruvchi mas’ul shaxslarning bilim, ko‘nikma va malakasini shakllantiruvchi o‘quv dasturi ishlab chiqildi va joriy yil 25 apreldan 7 mayga qadar joylarda test sinovlari jarayonida ishtirok etadigan soha vakillari, bino rahbarlari va guruh nazoratchilari uchun seminar-treninglar o‘tkazildi.

Matbuot anjumanida jurnalistlarning test sinovlari bilan bog‘liq savollariga batafsil javob berildi.

 

N.USMONOVA, O’zA