Yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari va islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi ehtiyojlarini ta’minlash, odamlarni hayotdan rozi qilishdir.

Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga joriy etilgan navbatdagi yangi tizim – “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari qishloqlar, mahallalar, ayniqsa, olis va chekka hududlarda yashayotgan aholi hayotida chin ma’noda yangi sahifa ochdi. Bunday bunyodkorlik ishlari mahallalarga zamonaviy qiyofa bag‘ishlab, odamlarning hayotga, mehnatga munosabatini tubdan o‘zgartirmoqda.

Farovon yurtning go‘zal qiyofasi mahallalarda aks etadi. “Obod mahalla” dasturi doirasida poytaxtimiz mahallalarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Toshkent shahar Bektemir tumanidagi “Binokor” mahalla fuqarolar yig‘iniga bordik. Bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Bizni mahalla raisi Saidakbar aka Topilov kutib oldi. “Obod mahalla” dasturi asosida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi.

– Mahallamizda 623 xonadon mavjud, ularda 3 ming 965 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi u. – Mahalladagi 23 ko‘p qavatli uy hamda 244 hovliga 4 xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati xizmat ko‘rsatadi. Mahallada necha yildan buyon katta muammoga aylanib kelayotgan ichimlik suvi muammosiga shu yil barham beramiz. Homiylik yo‘li bilan quvurlar yotqizildi. Tez kunlarda mahalla ahli toza ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanishi rejalashtirilgan.

Mahallada 1 maktab, 1 oilaviy poliklinika, 6 sanoat korxonasi, 5 qo‘shma korxona, 3 kichik biznes subyekti, 1 dala do‘kon bor.

Mahalla raisi va faollari bilan birgalikda xonadonlarga kirib, ahvolni yaqindan o‘rganishga kirishdik. Yo‘l-yo‘lakay hududda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlariga ham e’tibor qaratdik.

Mahallada 4 kam ta’minlangan, 20 ijtimoiy himoyaga muhtoj oila mavjud. 7 nafar yakka-yolg‘iz, 65 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatga olingan. S.Topilovning ta’kidlashicha, ularga mahalla tarafidan amaliy yordam ko‘rsatib kelinadi. Ushbu oilalar Bektemir tumani hokimligining doimiy nazoratida.

Bu xonadonlarda bo‘lganimizda aholi mahalla faollariga va tuman hokimligiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Jumladan, endilikda Ziroat ko‘chasidagi 73-uyda istiqomat qilayotgan Begjon Tulebayev va Kirimbayev Ramil uy bilan ta’minlanishida yordam bergani uchun tuman hokimligi, mahalla faollaridan minnatdor.

Ammo oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilikni yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan mahallaning ayrim fuqarolari kredit olishda sarson bo‘lmoqda. Mahalla raisining aytishicha, mahallaga imtiyozli kredit olish uchun amaliy yordam so‘rab murojaat etganlarga yordam berishning imkoni bo‘lmayapti.

– Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarimizga imtiyozli kredit ajratishni so‘rab tumanimizdagi banklarga bir necha bor murojaat qildik, ammo har safar bank xodimlari turli bahonalar bilan kredit ajratib bermaganligi sababli, harakatlarimiz natija bermayapti. Ushbu muammoni haligacha hal etolmayapmiz, – deydi S.Topilov.

“Binokor” mahalla fuqarolar yig‘inida 806 nafar yosh istiqomat qiladi. Ular orasida ishsiz va uyushmagan yoshlar ham bor. Biz Yoshlar ittifoqi tuman kengashining uyushmagan yoshlar bilan ishlash borasida amalga oshirgan ishlari haqida so‘radik. S.Topilovning ta’kidlashicha, Yoshlar ittifoqi tuman kengashi vakili mazkur mahallaning uyushmagan va ishsiz yoshlari bilan ish olib borishga hali vaqt ajratmabdi.

Mahalla raisidan Yoshlar ittifoqi tuman kengashi vakili bilan bog‘lanib, biz bilan suhbatga chaqirib berishini iltimos qildik. Ammo urinishlarimiz besamar ketdi.

Bektemir tumani hokimligi va tuman bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan aholining ishsiz qismiga turli ishlar taklif qilinib kelinadi.

Ammo biz mahalladagi ayrim xonadonlarga tashrif buyurganimizda ularda boqimandalik kayfiyati shakllanib qolganiga guvoh bo‘ldik.

Sohil ko‘chasidagi 3-uy 15-xonadonda istiqomat qiluvchi Otabek Dadaxo‘jayev bilan suhbatlashganimizda, u o‘ziga taklif qilinayotgan ishlarni rad etib kelayotgani, mahalladan esa moddiy yordam so‘rashni kanda qilmasligining guvohi bo‘ldik. O.Dadaxo‘jayev 45 yoshni qarshilayotgan bo‘lsa-da, bir ishning boshini tutishni xohlamasdan, tezda boyib ketadigan bizneslarni xayol qilib yurar ekan.

Binokor mahallasi tumandagi 4-sektorga biriktirilgan. Mazkur sektor faoliyati bilan tanishish maqsadida borgan Adliya vazirligi bosh maslahatchisi Asadulla Gulto‘rayev mahalladagi mavjud muammolarni atroflicha o‘rganib, ularni hal etish choralari ko‘rilayotganini aytdi. Uning aytishicha, mahallani yanada obod qilish uchun maqsadli mablag‘lar ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Bu mablag‘lar hisobidan mahalladagi yo‘llar qayta ta’mirlanishi, dorixonalar tashkil etilishi, umuman, mahalla obodonlashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Mahallada tuman madaniyat bo‘limi tasarrufidagi 13-sonli madaniyat va aholi dam olish markazi ishlab turibdi. Markaz rahbari Suhrob Jumaniyozovning aytishicha, markazda bolalar uchun 7 to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. To‘garaklarda kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun imtiyozlar amal qiladi.

Markazda mahallada umrguzaronlik qilayotgan 400 ga yaqin yoshi ulug‘ insonlarning mazmunli dam olish uchun ham sharoitlar yaratilgan.

Aytish mumkinki, “Binokor” mahalla fuqarolar yig‘inida “Obod mahalla” dasturi asosida yillar davomida yechimini kutayotgan muammolar hal etilmoqda. Bundan aholining xursandchiligi cheksiz, albatta. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, har kim o‘zi yashaydigan uy, mahalla va qishloqni obodonlashtirishga hissasini qo‘shsa, yurtimiz obod bo‘ladi, obod yurtda yashaydigan odamlar kayfiyati yaxshi bo‘lishi ta’minlanadi.

 

Muhayyo TOSHQORAYEVA, Fayyoz OCHILOV, O‘zA