O‘zbek yoshlari Xitoydagi festivalda ishtirok etdi

Xitoy Xalq Respublikasining Dalyan shahrida “Umumjahon madaniyat festivali” bo‘lib o‘tdi.

Ushbu festivalda dunyoning 22 ta davlati qatorida Xitoy Xalq Respublikasida ta’lim olayotgan O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasiga a’zo 40 nafardan ortiq o‘zbekistonlik yoshlar ham faol ishtirok etdi.

Festivalda o‘zbek yoshlari mamlakatimiz tarixi, madaniyati, urf-odatlari, dini, tili, milliy taomlari va bir-biridan go‘zal raqslarini namoyish etdi. Ayniqsa, o‘zbek yigitlarining o‘zbek milliyligini namoyon qiluvchi “Andijoncha” raqsi va o‘zbek qizlarining xorazmcha qo‘shiqlari barchaga manzur bo‘ldi.

Ishtirokchi talabalar tomonidan o‘zbek milliy taomlari va milliy shirinliklar tayyorlandi va tashrif buyurganlarga ulashildi. Festival davomida o‘zbek yoshlari o‘rtasida hamjixatlik ruhi yanada kuchaydi. Festival ko‘tarinki ruhda yakunlandi .

 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA