Abdulaziz Komilov: O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimi ikki baravar oshdi

Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida so‘zlaganO‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri A.Komilov O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan delegatsiya almashinuvi natijasida yanvar-may oylarida 33 biznes-forum tashkil etilganini qayd etdi.

Ushbu davrda 200 taqdimot va davra suhbatlari takshil etilib, O‘zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlari va eksport salohiyati haqida ma’lumotlar berildi.

Xorijiy ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston investitsiya imkoniyatlari haqida 290 material chop etildi. Ular orasida Yevropa, Osiyoning rivojlangan davlatlari, AQSH va boshqa mamlakatlarning yetakchi OAVlari bor.

O‘zbekistonning diqqatga sazovor turistik manzillari haqida 13 davlatning 29 telekanali orqali qo‘rsatuvlar namoyish etildi.

Bunday chora-tadbirlar natijasida, shuningdek O‘zbekistonga ayrim davlatlar fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgani, viza muddatlari uzaytirilgani yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimini kuchaytirdi. O‘tgan besh oyda O‘zbekistonga 2, 2 milliondan ortiq xorij fuqarolari tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 93 foizdan ko‘proqdir.

O‘zbekiston turistik salohiyatini yanada rivojlantirish uchun ziyorat turizmini chuqurlashtirish va kengaytirish ustida ish olib borilmoqda.

Shuni ham qayd etib o‘tish kerakki, murojaatlar va ular bilan ishlash dolzarb masaladir. Bu borada Tashqi ishlar vazirligiga joriy yilning o‘tgan davrida Prezident virtual qabulxonasi orqali mingga yaqin murojaat kelib tushgan. 700 dan ziyodi belgilangan tartibda hal etilgan, qolganlari ko‘rib chiqilmoqda.

O‘zbekistonning chet eldagi fuqarolari manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha doimiy ish olib borilmoqda. Albatta, bu borada ko‘p ishlar qilindi.

Shu maqsadda maxsus bo‘limlar tashkil etildi. Ammo, odatda, fuqarolarimiz chet elga ketganda hech kimni xabardor qilmaydi, borgan joyida ro‘yxatdan o‘tmaydi. Faqat og‘ir vaziyatga tushgandagina konsullik idoralariga murojaat qiladi. Shuning uchun fuqarolarga konsullik telefon raqamlarini yetkazish, ma’lum qilishga harakat qilyapmiz. Bu boradagi ishlar yana kuchaytiriladi. Hech kim e’tibordan chetda qolmaydi.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA