Senatda Tashqi ishlar vazirining hisoboti tinglandi

Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining vazirlik zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bo‘yicha faoliyatito‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Ushbu masala yuzasidan ma’ruza qilgan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 2018 yilning birinchi yarim yilligida Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro maydonda mamlakat milliy manfaatlarini ifoda etishga qaratilgan izchil ish olib borilganini ta’kidladi.

Bu jarayonda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasinirivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalarni bajarishga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mamlakatimiz tovarlari eksportini rivojlantirishda AQSH, Buyuk Britaniya, Ozarbayjon, Rossiya, Germaniya, Gruziya, Belgiya, Bangladesh, Hindiston, Italiya, Malayziya, Latviya, Xitoy, Koreya, Chexiya, Tailand va BAAda tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etishda mamlakatimiz kompaniyalari va korxonalariga ko‘mak berildi. Ularning yakunlari bo‘yicha umumiy summasi qariyb 83,5 million dollarlik savdo shartnomalari imzolandi.

Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasida 2018 yilning yanvar-may oylarida xorijiy tashriflar va muloqotlar natijasida qiymati 17 milliard dollarlik 182 istiqbolli loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida dastlabki kelishuvga erishildi. Joriy yil 1 iyun holatiga ko‘ra diplomatik missiyalar tomonidan umumiy summasi 10,543 milliard dollarlik turli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ishlab chiqildi.

Muhokama chog‘ida TIV oldiga qo‘yilgan vazifalarni samaraliroq amalga oshirish borasida qator muammolar mavjudligi qayd etildi.

Xususan, TIV va diplomatik vakolatxonalar vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda mamlakatimiz tovarlari eksportini amalga oshirish, investitsiyalar va turistlarni jalb qilish masalalari yuzasidan o‘z takliflarining sohaga ixtisoslashgan idoralar va viloyat hokimliklari tomonidan uzoq vaqtda ko‘rib chiqilishi bilan bog‘liq muammoga hali ham duch kelmoqda.

Muhokama chog‘ida senatorlar Tashqi ishlar vazirligi faoliyati samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tavsiyalar bildirdi.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA