Navbahor Imomova O‘zbekiston va o‘zbek matbuoti bilan muhim hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda

Matbuotga har doim yetakchi kuch sifatida qaralgan. Bu mezon hozir ham o‘zgargani yo‘q. Har bir jamiyatdagi islohotlar jadalligini OAVdagi o‘zgarishlar belgilab beradi. Shu ma’noda O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni ilk bor matbuot ilg‘amoqda.
Saytimiz orqali dunyoning eng nufuzli axborot vositalaridan biri sanalgan “Amerika ovozi” teleradiosi jurnalisti Navbahor Imomovaning endilikda O‘zbekistonda emin-erkin faoliyat olib borishi haqida xabar bergan edik. Yaqinda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan jurnalistga akkreditatsiya guvohnomasi topshirildi.
– O‘zbekistonni ichkaridan yoritish uchun imkoniyat bor endi. Vaqti-vaqti bilan kelib materiallar uzataman, – deydi Navbаhor Imomova. – Bu degani O‘zbekistondagi mavjud holat, hukumatning islohotlari real faktorlarga asoslanganmi yo‘qmi, odamlarning o‘zgarishlarga, siyosatga munosabati, turmush-tarzi… barcha-barchasi haqida dunyoga “Amerika ovozi” O‘zbekistondan, voqealar markazidan turib ko‘rsatadi, solishtiradi, ta’riflaydi, tahlil qilib beradi. O‘zbek OAVsi ham asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da ochilayotgan ekan biz ham hamkorlikka tayyormiz. 
“Amerika Ovozi” – dunyodagi yetakchi xalqaro teleradio hisoblanadi. 45 tilda efirga chiqadi. O‘zbek tilida ham ko‘rsatuv va eshittirishlar tayyorlaydi. Xalqaro hayot, jamiyatdagi muhim o‘zgarishlar va masalalar yoritiladi. O‘zbek xizmati AQSH poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo‘ylab jamoatchi muxbirlarga ega.
P/S: O‘zbekiston Milliy axborot agentligining uza.uz sayti O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan, “Amerika ovozi” teleradiosi jurnalisti Navbahor Imomova bilan bo‘ladigan video matnli suhbatni e’lon qiladi. Saytimizni kuzatib boring.
 
Eslatib o‘tamiz, shu davrgacha muayyan tadbirlarni yoritish uchun ma’lum bir belgilangan muddatli ruxsatnomalar berilgan, biroq mamlakatda emin erkin faoliyat yuritish uchun hali amerikalik biror bir jurnalist bunday maqomga bugungi kungacha ega bo‘lmagan edi.

 

O‘zA