O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlari rivojlanmoqda

Qirg‘iziston Respublikasining Toshkentdagi elchixonasida 28 iyun kuni joriy yil birinchi yarim yilligida mamlakatlarimizning keng qamrovli va o‘zaro manfaatli hamkorligi natijalariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi vazifasini bajaruvchi Kemel Sadikov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, bank-moliya, fan-texnika, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlik yildan yilga rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Ikki mamlakat Prezidentlarining qat’iy irodasi va azmu shifoati tufayli o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlik sezilarli o‘smoqda. Xususan, shu yilning dastlabki uch oyida ikki tomonlama tovar aylanmasi hajmi 72,7 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 47,12 foiz oshganini ko‘rsatadi.
Turizm sohasidagi aloqalar ham faollashdi. Erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, Qirg‘iziston va O‘zbekiston telekanallarida ikki mamlakat sayyohlik salohiyati to‘g‘risida videoroliklar namoyish qilinmoqda. Ayni paytda mamlakatimiz viloyatlaridagi yirik sanoat korxonalari va tashkilotlar xodimlarining Issiqko‘ldagi sog‘lomlashtirish maskanlarida dam olishini tashkillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan kelishuvga erishilgan. Dam oluvchilarning dastlabki guruhi 21 iyun kuni “Toshkent – Bishkek – Baliqchi” temir yo‘l yo‘nalishi orqali Issiqko‘lga jo‘nab ketdi. Umuman, joriy yilda 511 mingdan ziyod yurtdoshimizning Qirg‘izistonga sayohatini tashkil etish rejalashtirilgan.
Transport-kommunikatsiya sohasida aviareyslar sonini ko‘paytirish, yangi temir yo‘l va avtobus yo‘nalishlarini ochish hamda mamlakatlarimiz o‘rtasida avtomobil, temir yo‘l va aviatashuvlarni kengaytirish choralari ko‘rilmoqda. “Toshkent – Andijon – O‘sh – Irkishtom – Qoshg‘ar” avtomobil yo‘lagi ishga tushirildi. “Toshkent –Bishkek” va “Bishkek – Toshkent” aviareyslari haftasiga 3 martagacha oshirildi. Yil oxiriga qadar “O‘sh – Andijon” hamda Toshkent orqali o‘tadigan “Botken – Bishkek” va “Isfana – Bishkek” avtobus yo‘nalishlarini ochish ko‘zda tutilgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyovning shu yil 2 apreldagi “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori mamlakatlarimiz o‘rtasida madaniy-gumanitar munosabatlarni rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. Qaror ijrosi doirasida ko‘plab tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu kunlarda viloyatlarda yozuvchining “Oq kema” qissasi sahnalashtirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda kuz oylarida O‘zbekistonda Qirg‘iziston madaniyati va san’ati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.