Onlayn: Senatda Ichki ishlar vazirining hisoboti eshitilmoqda

Joriy yil davomida olib borilgan kompleks ishlar natijasida sodir etilgan jinoyatlar sonini 40,7 foizga kamaytirishga erishildi.

Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tomonidan 2018 yilning birinchi yarim yilligi mobaynida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitilmoqda.

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov hisobot davrida vazirlik tomonidan jamiyatda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashga qaratilgan choralar kuchaytirilganini ta’kidladi. Tergov jarayonida gumon ostida bo‘lgan va jabrlangan shaxslarning huquqlarini to‘liq himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Joriy yil davomida olib borilgan kompleks ishlar natijasida sodir etilgan jinoyatlar sonini 40,7 foizga kamaytirishga erishildi.

Ichki ishlar organlarining tezkor-xizmat faoliyati jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammolarini aniqlashga qaratilmoqda. Shu maqsadda jamiyat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning erta oldini olish, huquqbuzarlikka qarshi kurashish ishlari olib borilmoqda. Har bir xonadonni o‘rganish va mavjud muammolarni qisqa muddatda hal etish bo‘yicha keng qamrovli tadbirlar tashkil etilayotir.

Mahallalarda jinoyatchilikning erta oldini olish, aholida jinoyatgamurosasiz munosabatni shakllantirishishlari yo‘lga qo‘yilgan. Har oyda aholi oldida profilaktika inspektorlarining hisobot berish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.

Profilaktika inspektorlarining barchasiga Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlar bazalariga ulangan zamonaviy mobil smartfonlar tarqatilgani ularning faoliyatini yaxshiladi. Bu ularga shubhali shaxslarni tekshirish va huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yagona bazaga joylashtirish uchun imkoniyat yaratdi.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA