Onlayn: O‘zbekiston va Turkiya jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashadi

Oliy Majlis Senatning o‘n beshinchi yalpi majlisi davom etmoqda.

Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi o‘rtasida ekstraditsiya to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi hamda ma’qullandi. Unda 2018 yil 30 aprel kuni Toshkent shahrida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi o‘rtasida ekstraditsiya to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish nazarda tutilmoqda.

Mazkur Bitim 1994 yil 23 iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Jumhuriyati o‘rtasida fuqarolik, savdo va jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish haqidagi Shartnomaning ushlab berishga oid qoidasini takomillashtiradi.

Bitimda ushlab berishni tezlashtirish, elektron pochta va boshqa tezkor aloqa vositalari orqali aloqa qilish, hamkorlik qilish tili, qidirilayotgan shaxsni qamoqda saqlash muddatlari haqidagi masalalar yoritilgan. Ekstraditsiya to‘g‘risidagi Bitim jinoyat sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlashning huquqiy asosi sifatida jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida ikki tomonlama hamkorlikning samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

 

Nurillo Nasriyev, O‘zA