Onlayn: Nig‘matilla Yo‘ldoshev: “Odamlarni tashvishga solayotgan muammolar yechimiga e’tibor kuchaytiriladi”

Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida ma’ruza qilgan Senat raisi N.Yo‘ldoshev O‘zbekiston siyosatida ro‘y berayotgan yangiliklar, fuqarolarni el-yurt ravnaqi yo‘lida oyoqqa turishga chorlovchi ezgu da’vatlar barchani tom ma’noda uyg‘otganini ta’kidladi.
Ayniqsa, davlat organlari faoliyati bilan bog‘liq, ma’lum ma’noda qotib qolgan qarashlar o‘zgardi. Barcha kuch va vositalar, davlat xizmatidagi mas’ullar salohiyati, avvalo, odamlarni tashvishga solib kelgan muammolar yechimiga safarbar etilmoqda.
Jumladan, parlament ishi ham yangi mazmun-mohiyat bilan boyitilib, amalda xalq vakillari fuqarolar bilan bevosita muloqotga kirisha boshladi.
Natijada barcha sohalarda va hududlarda yillar davomida e’tibordan chetda qolib kelgan masalalar yuzaga chiqmoqda. Bu masalalarni vakillik va ijro organlari hamkorligida kompleks hal etishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilayotir.
Har bir vazifaning so‘zsiz va sifatli bajarilishi yuzasidan parlament va jamoatchilik nazorati yangi mexanizmlar asosida yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shu tariqa davlat hokimiyatining birdan-bir manbai bo‘lgan xalqning nazorati jamiyat hayotining barcha jabhalarida ta’minlanmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Senat a’zolari va deputatlar tomonidan hududiy komissiyalar bilan birgalikda har oyda 14 tumanda o‘rganishlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, Toshkent, Andijon, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahridagi jami 20 tumanda 6 mingdan ortiq xonadonda istiqomat qiluvchi 20 mingdan ziyod aholi bilan bevosita muloqot o‘tkazildi, 600 dan ortiq ijtimoiy soha obyekti, 400 ga yaqin mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyati o‘rganildi.
Muammolarni hal etish maqsadida tuman va viloyat miqyosida maxsus “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqilib, mahalliy Kengashlar sessiyalarida tasdiqlandi. Bu borada joylardagi sektorlar hamda mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish choralari ko‘rilmoqda.
O‘rganishlar davomida aniqlangan va respublika darajasida hal etiladigan masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan taklif va tavsiyalar asosida Hukumat darajasida 10 dan ortiq “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi.
Biroq, takror bo‘lsa-da, qayd etish o‘rinliki, o‘rganishlar tahlili ijtimoiy sohalar, jumladan ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarida ayrim muammolar surunkali tus olganligini ko‘rsatmoqda.
O‘rganilgan barcha tumanlardagi maktablarda o‘qituvchilar, ayniqsa, rus tilida ta’lim beruvchi pedagoglar, shuningdek, matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya, huquq va boshqa muhim fanlardan o‘qituvchilar, deyarli barcha tumanlarda 150-200 nafardan tor doiradagi tibbiy mutaxassislar va umumiy amaliyot shifokorlari yetishmaydi.
Bugungi kunda umumta’lim maktablarida amaldagi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda 66 ming 600 nafardan ziyod o‘rta maxsus ma’lumotga ega o‘qituvchilar dars berib kelmoqda.
Xalq ta’limi boshqarmalari esa ayrim hollarda oliy ma’lumot olish istagida bo‘lgan o‘qituvchilar yo‘liga sun’iy to‘siqlarni qo‘ymoqda.Birgina misol: Shahrixon tumanida yashovchi fuqaro Axunova Andijon davlat universiteti maxsus sirtqi bo‘limiga asossiz ravishda qabul qilinmaganidan norozi bo‘lib, Senatga murojaat qildi.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi Axunova to‘g‘risida universitetga noto‘g‘ri ma’lumotlarni atayin taqdim etgan. Oqibatda u o‘qishga qabul qilinmagan.
Senat qo‘mitasi aralashuvi bilan fuqaroning huquqi tiklanib, u o‘qishga qabul qilindi.Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimlariga nisbatan esa tegishli ta’sir choralari qo‘llanildi.
Shu kabi odamlarni tashvishga solayotgan muammolarga yechimiga bundan buyon ham e’tibor kuchaytiriladi.

 

Norgul Abduraimova,O‘zA