Onlayn: Mediatsiya qaysi sohalarda qo‘llaniladi va kimlar mediator bo‘la oladi?

Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida senatorlar “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. 
Mazkur qonun 4 bob, 34 moddadan iborat bo‘lib, unda sohaga oid asosiy tushunchalar, prinsiplar o‘rin olgan. Mediatsiya ishtirokchilari hamda ularning huquq va majburiyatlari, mediatsiyani qo‘llash va mediatsiya tartib-taomillarini amalga oshirish, nizolarni hal etish kabi masalalari qamrab olingan.
Qonun fuqarolik-huquqiy munosabatlardan, shu jumladan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish munosabati bilan kelib chiqadigan, shuningdek, yakka mehnat nizolari va oilaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga mediatsiyani qo‘llash bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Taraflar va mediator mediatsiya ishtirokchilaridir. Jismoniy shaxslar ham, yuridik shaxslar ham mediatsiya taraflari bo‘lishi mumkin.
Mediatsiya ikki va undan ortiq taraflar o‘rtasida bo‘lishi, shuningdek, bir yoki bir nechta mediator tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Taraflar mediatsiyada shaxsan yoki o‘z vakili orqali qonun hujjatlariga muvofiq ishtirok etadi.
Yana bir muhim jihat – mediatorning faoliyati professional yoki noprofessional asosda amalga oshirilishi mumkin.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA