Onlayn: “O‘zbekiston 2035” xalqaro forumida BMTning mamlakatimizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi X.Freyzer so‘zga chiqdi

Toshkent shahridagi Inha universitetida “O‘zbekiston 2035” xalqaro forumi davom etmoqda. X.Freyzer O‘zbekistonning 2035-yilgacha bo‘lgan uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish tashabbusini yuqori baholadi. Shuningdek, hamkorlik doirasida Koreya, Germaniya, Tailand, Hindiston, Bangladesh, Uganda, Braziliya, Misr, Belgiya, Chexiya, Finlandiya amaliyotda kuzatilgan xalqaro tajriba bilan o‘rtoqlashdi.
BMTning mamlakatimizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisining ta’kidlashicha, uzoq muddatli strategiyani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun doimiy ravishda iqtisodiy tahlillarni olib borish zarur. Zero, strategiyaning hayotga to‘liq joriy etilishi ushbu loyihalarning qanchalik moliyalashtirilishi va qo‘llab-quvvatlanishiga bog‘liq.
Taqdimotda Deloitte tashkiloti tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasi ham ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, bu kabi strategiyalar aksariyat hollarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlar tomonidan moliyalashtirishga qiziqish yuqori. Xususan, bugungi kunda 25-40 foiz o‘rta biznes vakillari bu jarayonlarda ishtirok etmoqda. Umumiy olganda ishbilarmonlarning 92 foizi uzoq muddatli strategiyaning ishlab chiqilishi va hayotga keng joriy etilishini ijobiy qabul qiladi.
– Shu nuqtai nazarda, bugun O‘zbekistonning davlat va xususiy sheriklik tizimini rivojlantirishga bo‘lgan intilishlarini yuqori baholaymiz. Biz buni qo‘llab-quvvatlaymiz va hamkorlikka tayyormiz, – dedi X.Freyzer.

 

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA