Onlayn: ekstremistik faoliyatda ishtirok etishni o‘z ixtiyori bilan rad etgan shaxs javobgarlikdan ozod etilishi mumkin

Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 
Qonun 5 bob va 32 moddadan iborat. Unda ekstremizmning oldini olish, unga qarshi kurashishning prinsiplari, yo‘nalishlari, usullari, mas’ul davlat organlari doirasi va ularning vakolatlari o‘rin olgan. Ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun javobgarlik hamda xalqaro hamkorlik masalalari nazarda tutilgan.
Qonunda ekstremistik faoliyat (ekstremizm), ekstremistik guruh, ekstremistik material, ekstremistik tashkilot va ekstremizmni moliyalashtirish kabi tushunchalar qo‘llanilgan.
Ekstremistik materiallarni olib kirish, nashr qilish, tayyorlash, saqlash, tarqatish va namoyish etish prokurorning arizasiga asosan sud qaroriga ko‘ra taqiqlanadi.
Yuridik shaxsning faoliyati ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organining arizasiga asosan sud qarori bilan to‘xtatib turilishi mumkin.
Ekstremizmni moliyalashtirish belgilangan tartibda taqiqlanadi.
Tashkilotni ekstremistik tashkilot, deb topish O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining arizasi asosida Oliy sud tomonidan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, qonunda ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun jismoniy shaxslar va tashkilotlar, shu jumladan, xorijiy tashkilotlarning javobgarligini belgilash nazarda tutilgan.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, shaxs ekstremistik faoliyatda ishtirok etishni o‘z ixtiyori bilan rad etgan, bu haqda tegishli davlat organlariga xabar bergan hamda og‘ir oqibatlar yuzaga kelishining oldini olishga faol ko‘maklashgan taqdirda, qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikdan ozod etiladi.
Qonunga ko‘ra, tashkilotlar ekstremistik faoliyatni amalga oshirganlik uchun tugatilishi, ular faoliyati taqiqlanishi, tashkilotni tugatish sudning qarori asosida amalga oshirilishi, ekstremistik tashkilot, deb topilgan tashkilot tugatilganda unga tegishli mol-mulk musodara qilinishi va davlat mulkiga o‘tkazilishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ro‘yxatga olingan mintaqaviy, xalqaro yoki xorijiy tashkilot O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ekstremistik tashkilot, deb topilgan taqdirda, uning faoliyati taqiqlanishi va tugatilishi, O‘zbekiston Respublikasida joylashgan mol-mulki esa musodara qilinishi hamda davlat mulkiga o‘tkazilishi nazarda tutilgan.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA