Onlayn: Toshkent shahridagi Inha universitetida “O‘zbekiston 2035” xalqaro forumi boshlandi

Poytaxtimizdagi Inha universitetida “Buyuk Kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkilotining ekspertlar kengashi ishtirokidagi xalqaro forumi boshlandi.
“Buyuk Kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, diplomatik korpus, tegishli vazirlik va idoralar, olimlar, ishbilarmonlar, xalqaro va jamoat tashkilotlari vakillari, ilmiy markazlar, ekspertlar, o‘zbekistonlik yoshlar va xorijlik yurtdoshlarimiz ishtirok etmoqdalar.
“Buyuk kelajak” tashkiloti O‘zbekistonda tug‘ilib, turli sabablarga ko‘ra xorijda yashayotgan, mehnat faoliyatini olib borayotgan va tahsil olayotgan yurtdoshlarimiz tomonidan tashkil etilgan va 7 may kuni bo‘lib o‘tgan ta’sis yig‘ilishida mamlakatning 2035 yilgacha bo‘lgan uzoq muddatli strategik konsepsiyasini muhokama qilish uchun xalqaro forum tashkil etishga kelishib olingan edi.
Bugungi forum Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.
Forumda “Buyuk kelajak” tashkilotining dunyodagi 20 ga yaqin mamlakatidagi 60 dan ziyod ekspertlari ishtirok etmoqda. Tuzilma ekspertlar kengashi raisi, “Rosnano” kompaniyasi istiqbolli loyihalar taraqqiyoti bo‘linmasi rahbari A.Kalanov, Singapur universitetining Li Kuan Yuy nomidagi davlat siyosati maktabi hamda Yaponiyaning Keyo universiteti Global tadqiqotlar instituti tadqiqotchisi H.Rajaboyev, “Austria GMBH” ning davlat organlari bilan maslahatlashuvlar olib borish bo‘yicha katta menejeri A.Muhammadqulov, Belgiyada barqaror rivojlanish va korporativ-ijtimoiy mas’uliyat sohasi mutaxassisi M.Sharipova shular jumlasidan.
Bugungi tadbir doirasida tashkil etiladigan sho‘ba yig‘ilishlarida davlat va jamiyat boshqaruvi tizimida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, aholi yashash darajasi va ijtimoiy muhofazani kuchaytirish, qishloq xo‘jaligi, sanoat, issiqlik va elektr energiyasi majmuasi, infratuzilmani rivojlantirish, moliyaviy soha, innovatsiyalar, o‘rta va kichik tadbirkorlikni rivojlantirish, ilm-fan, turizm, madaniyat, ta’lim va inson kapitali kabi sohalardagi mavjud muammolar muhokama etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari A.Abduvohidov, BMTning mamlakatimizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili X.Freyzer, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori A.Burxonov, “Buyuk kelajak” tashkiloti ekspertlar kengashi raisi A.Kalanov, “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi a’zosi K.Shodiyev mazkur yo‘nalishdagi islohotlar ahamiyati haqida ma’ruzalar qilishi kutilmoqda.

 

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA