Onlayn: senatorlar ish jarayonida ilk bor planshetlardan foydalanmoqda

Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi davom etmoqda. Senatorlar ish jarayonida ilk bor planshetlardan foydalangan holda ish olib bormoqda. 
Ayni paytda majlisda yangi tahrirdagi “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama etilmoqda.
Loyiha yuzasidan senator Boymat Rasulov so‘zga chiqdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda ekstremistik tahdidlar ko‘lami kengaygani, turli yo‘llar bilan odamlar, ayniqsa, yoshlar ongini din niqobidagi ekstremizm g‘oyalari bilan zabt etishga urinayotgan terroristik kuchlar mavjudligi sir emas. Boshqacha aytganda, ekstremizm jamiyat uchun xavfli omillardan biriga aylanmoqda. Aynan mazkur muammo ushbu yo‘nalishda xalqaro-huquqiy hujjat qabul qilish zaruratini yuzaga keltirdi.
Shu maqsadda 2017-yil 9-iyunda Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga a’zo davlatlar rahbarlari Kengashi majlisida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan SHHTning “Ekstremizmga qarshi kurashish Konvensiyasi” imzolandi.
Konvensiya qoidalari O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga bir qator o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilishini hamda yangi qonun hujjatlari qabul qilinishini taqozo etdi. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Konvensiya me’yorlarini implementatsiya qilishga oid farmoyishi qabul qilindi.
Aytib o‘tish kerakki, Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida ekstremizm tahdidlarining oldini olish, unga qarshi kurashish va bartaraf etishga qaratilgan “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 3-apreldagi qonuni bilan SHHTning “Ekstremizmga qarshi kurashish Konvensiyasi” ratifikatsiya qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi yurtimizda tinchlik va hamjihatlik, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni saqlash hamda davlat xavfsizligini ta’minlashda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA