O‘zbekistonda “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari quriladi.

Prezidentning 2018 yil 27 iyunda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonda “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari qurishga topshiriq berildi. 
“Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini qurish davlat-xususiy sheriklikning quyidagi shartlarida amalga oshirilishi belgilandi:
a) tuman (shahar)lar hokimliklari:
“Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini, shuningdek, boshqa obyektlarni qurish (joylashtirish) uchun xususiy investorlarga, istisno tariqasida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali yer uchastka (bo‘sh bino)larni doimiy foydalanish huquqi asosida ajratadi;
“Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini muhandislik kommunikatsiyalariga, jumladan, elektr, gaz va suv ta’minoti tarmoqlariga olib borishni va ulashni tuman (shahar)lar byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan ta’minlaydi;
b) Jamg‘arma “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari qurilishi qiymatining 30 foizigacha bo‘lgan qismini moliyalashtirishda mazkur mablag‘larni ularning ustav jamg‘armasi (kapitali)ga keyinchalik kapitallashtirgan holda ishtirok etishga haqli;
v) xususiy investorlar quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi:
“Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari qurilishi qiymatining kamida 70 foizini moliyalashtirish, ularning kelishilgan muddatlarda va namunaviy loyihalarga muvofiq qurilishi va foydalanishga topshirilishini ta’minlashni;
Davlat dasturi ishtirokchisi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarida joy berish, ularga maqbul narxlarda xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, ularda ish o‘rinlari umumiy sonining kamida 70 foizi miqdorida band bo‘lmagan yoshlarni ishga qabul qilish sharti bilan mustaqil ravishda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishni;
Jamg‘armaning tuman va shahar filiallarini joylashtirish uchun “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlaridagi xonalarni bepul taqdim etishni;
g) “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini saqlab turish xususiy investorlarning mablag‘i hisobidan amalga oshiriladi;
d) “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini qurishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar xususiy investorlarning soliq solinadigan bazasidan chegirib tashlanadi.
Davlat dasturining amal qilishi yoshlar tadbirkorligi subyektlariga, 50 foiz va undan ko‘proq muassislari yoshlardan iborat bo‘lgan tadbirkorlik subyektlariga, shuningdek, yaratiladigan ish o‘rinlarining 70 foizidan kam bo‘lmagan qismini 5 yil davomida yoshlarni ish bilan ta’minlash uchun taqdim etish majburiyatini o‘z zimmasiga oladigan tadbirkorlik subyektlariga, jumladan, xorijiy investorlarga tatbiq etilishi belgilandi.

 

O‘zA