Onlayn: Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi boshlandi

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda senatorlar, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot  vositalari vakillari ishtirok etmoqda. 
Majlisni Oliy Majlis Senati raisi N.Yo‘ldoshev ochdi.
Majlis kun tartibiga 23 masala kiritilgan bo‘lib, shundan o‘nga yaqini qonunlardir. Ular orasida “Mediatsiya to‘g‘risida”, “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida”gi yangi qonunlar bor.
Shuningdek, yangi tahrirdagi “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”, “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi qonunlar ham ko‘rib chiqiladi.
Bir necha qonun xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish bilan bog‘liq.
Ikki kun davomida senatorlar qonunlardan tashqari Hisob palatasining, Bosh prokurorning 2017-yildagi faoliyatiga oid hisobotiga baho beradi. Ichki ishlar, tashqi ishlar vazirlarining axborotlari eshitiladi.
Senat vakolatiga oid boshqa masalalar ham ko‘rib chiqiladi.
Yalpi majlisda muhokama etiladigan barcha masalalar haqidagi axborotlarni saytimizda onlayn tarzda kuzatib boring!

 

Norgul Abduraimova, O‘zA