Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etildi

O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etildi.
Prezidentning 2018-yil 27-iyulda “O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining xalq diplomatiyasi markazi tashkil etilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etildi. Quyidagilar markazning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:
SHHT mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlashga, sivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirishga ko‘maklashish;
SHHT mamlakatlari bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishda, delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini uyushtirishda ishtirok etish;
SHHT mamlakatlarining fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari o‘rtasida do‘stona hamkorlik muhitini qaror toptirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
SHHT mamlakatlari o‘rtasida axborot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish, axborot resurslarini shakllantirish hamda SHHTning maqsadlari, vazifalari, faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va asosiy prinsiplarini keng tushuntirish maqsadida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish, SHHT mamlakatlarining madaniy-gumanitar sohada erishgan yutuqlari to‘g‘risida axborot-tahliliy materiallar tayyorlash va ularni muntazam chop etib borish;
SHHT mamlakatlari va ularning xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirish, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik ruhini mustahkamlash maqsadida xalq diplomatiyasi vositalaridan foydalanish.

 

O‘zA