“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi amalga oshiriladi

2018-yil 1-iyuldan boshlab respublikaning barcha tuman (shahar)larida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyunda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonda respublikaning barcha tuman (shahar)larida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi amalga oshirilishi belgilandi.
Davlat dasturi doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi, shuningdek, uning tuman va shahar filiallari tashkil etiladi. Jamg‘armaning mablag‘laridan Davlat dasturidagi tadbirlar moliyalashtiriladi.
Jamg‘armaning mablag‘laridan quyidagilar uchun foydalaniladi:
yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish;
Davlat dasturi doirasida olinadigan kreditlar bo‘yicha kredit hajmining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafilliklar berish;
Davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan tadbirkorlik loyihalarida ular qiymatining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ishtirok etish, keyinchalik Jamg‘arma ulushini 5 yil davomida realizatsiya qilish;
tegishli ko‘nikmalarga ega band bo‘lmagan yoshlar yashaydigan uy xo‘jaliklari uchun 20 tagacha parranda va quyon bolasi, 5 ta mayda va 2 ta yirik qoramol sotib olish, ularning qiymatini kelishilgan muddatlarda qaytargan holda ularni boqish va keyinchalik realizatsiya qilishda ko‘maklashish;
yoshlarning qayta tayyorlanishi va malaka oshirishini tashkil etish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, shuningdek, ularga biznes yuritish ko‘nikmalarini singdirish;
davlat-xususiy sheriklik shartlarida:
yosh tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda binolar, ofis texnikasi va sarflash materiallarini ijaraga berish, ularni internet bilan ta’minlash, shuningdek, yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirishga boshqacha ko‘mak berish, jumladan, biznes rejalar ishlab chiqish, maslahat, yuridik, buxgalteriya va boshqa xizmat turlarini ko‘rsatish, forumlar, master-klasslar va seminarlar tashkil etish uchun “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlarini;
savdo-maishiy va kichik ishlab chiqarish maydonlarini tashkil etish uchun mehnat kuchi haddan ziyod bo‘lgan tumanlarda “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini qurish.

 

O‘zA