AQSHning Jon Xopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi, professor Frederik Starr boshchiligidagi ekspertlar 27 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 15-17 may kunlari AQSHga ilk rasmiy tashrifi va Prezident Donald Tramp bilan muzokaralari o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishda tarixiy ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi.

F.Starr 22 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasida loyihasi O‘zbekiston tomonidan taklif qilingan, Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasining bir ovozdan qabul qilinishini yuqori baholadi.

Uchrashuvda O‘zbekiston – AQSH munosabatlarining bugungi holati, hamkorlikning ustuvor va dolzarb masalalari muhokama qilindi, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Frederik Starr O‘rta asrlar Sharq mutafakkirlarining tarixiy merosi, Markaziy Osiyoning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati haqida chuqur bilimga ega. Uning tadqiqotlarida mamlakatimizda kechayotgan o‘zgarishlarga xolis baho beriladi. Prezidentimizning AQSHga tarixiy tashrifi arafasida nashr etilgan F.Starr hamda S.Kornell muharrirligi ostidagi “O‘zbekistonning yangi qiyofasi” nomli kitob ana shunday tadqiqotlardan.

Shu kuni Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi doirasida ushbu kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda AQSH delegatsiyasi a’zolari, diplomatik korpus, qator vazirlik va idoralar vakillari, tadqiqot institutlari va markazlari mutasaddilari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori V.Norov, Xalqaro munosabatlar va axborot-tahlil markazi direktori E.Aripov, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori Sh.Abdullayev va boshqalar so‘nggi ikki yilda mamlakatimiz erishayotgan taraqqiyot, iqtisodiy yuksalish, ijtimoiy soha rivoji haqidagi fikrlar ushbu kitobda o‘z aksini topganini ta’kidladi.

Mamlakatimiz hayotida 2017 yil ulkan o‘zgarish va voqealarga boy bo‘ldi. Asar yuzlab huquqiy hujjatlar, Prezident farmon va qarorlarini o‘rganish mahsuli sifatida paydo bo‘ldi. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy sohalar, xalqaro munosabatlarda amalga oshirilayotgan ulkan ijobiy o‘zgarishlar, voqealar xolis tahlil qilinadi. Kechayotgan faol o‘zgarish va tadrijiy rivojlanishdagi yuqori ishtiyoq haqida mulohaza yuritiladi.

Asarda O‘zbekistonning o‘tgan yillar davomida tashqi siyosatidagi ustuvor tamoyil – Markaziy Osiyo xavfsizligi tushunchasi davlatimizrahbari boshchiligida mintaqaviy rivojlanish va barqaror taraqqiyot mezonlari bilan boyitildi. Bu, o‘z navbatida, iqtisobiy yuksalish, Afg‘onistonda tinchlikka erishish yo‘lidagi ezgu intilishlar va mintaqa davlatlarining integratsiyalashuvini yanada faollashtirmoqda.

Xalqaro press-klub sessiyasida F.Starr boshchilik mualliflar jamoasining izlanish va tadqiqotlari natijasida bugun G‘arb olami Markaziy Osiyoda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘layotgani qayd etildi.

Mehmonlar O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari assotsiatsiyasi media markazida bo‘lib, tuzilma faoliyati bilan ham tanishdi.

Mazkur tashkilot faoliyatini nodavlat ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash asosida tashkil etib kelmoqda. Tuzilma bugungi kunda yuzga yaqin nodavlat elektron ommaviy axborot vositalarini birlashtirgan. Yurtimizda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari qatorida keng ko‘lamli demokratik islohotlar, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati” qurish yo‘lidagi ishtirokini yoritishda faol qatnashib kelmoqda.

Uchrashuvda xorijlik ekspertlarga nodavlat teleradiouzatuvchilarning rivojlanish dasturlari, amalga oshirilayotgan yangi loyihalar haqida so‘zlab berildi.

 

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA