Qoraqalpog‘iston Respublikasi kardiologiya dispanserida Janubiy Koreyaning Seul milliy universiteti Bundan gospitalining malakali shifokorlari tomonidan tug‘ma yurak nuqsoni bor bolalar chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi.

– Ikki kun davomida 63 bola tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan bo‘lsa, shundan 39 bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkazish zarurligi ma’lum bo‘ldi, – deydi professor Song Yong Xvang. – Ularning ikki nafariga Bundan gospitalida jarrohlik o‘tkaziladi. Hamkorlikda ishlash yo‘lga qo‘yilgandan buyon o‘tgan to‘rt yil davomida 8 bola Janubiy Koreyada jarrohlik amaliyotidan o‘tkazildi.Ayni paytda ularning ahvoli yaxshi. Har safar kelganda bolalardan xabar olamiz.

Koreyalik shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikdan aholi juda mamnun.

– 2004 yilda tug‘ilgan o‘g‘lim Abbosbek Bozorboyevni olib kelganman, – deydi Nukus shahrida yashovchi Tamara Boboniyozova. – O‘g‘limni 2016 yilda Hindistonda operatsiya qilishgan edi. Bugun koreyalik shifokorlar tekshiruvdan o‘tkazib, operatsiya muvaffaqiyatli bo‘lganini, bolamning sog‘lig‘i yaxshilanayotganini aytishdi. Bundan juda quvondim.

Janubiy Koreyadagi yetakchi va zamonaviy davolash markazlaridan biri bo‘lgan Seul milliy universiteti Bundan gospitali aholiga yuqori darajadagi malakali va texnologik tibbiy xizmat ko‘rsatish barobarida talabalar, klinik ordinatorlar uchun ham ta’lim va ilmiy-tadqiqot bazasi hisoblanadi. Janubiy Koreya gaz korporatsiyasi homiyligida Bundan gospitali shifokorlari 2014 yildan buyon Qoraqalpog‘istonda tug‘ma yurak nuqsoni bor bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda.

 

Yesimxon Qanoatov, O‘zA