Bilim va matonat sinovi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi madaniyat saroyida 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Eng faol yosh ichki ishlar organi xodimi” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.

Tanlov nizomiga ko‘ra, dastlab ishtirokchilar 100 metr masofaga yugurish, to‘sinda tortinish va qo‘l jangi usullari bo‘yicha sinovlardan o‘tdi. Yosh xodimlarning bilim saviyasi, kasbiy mahorati, chet tillari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qay darajada bilishi tekshirildi. Tizim faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi takliflari, innovatsion g‘oyalari, qonunchilikdan xabardorligi, ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlari va o‘qigan badiiy asarlari bo‘yicha tushunchalari hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.

Musobaqada Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi yuridik ta’minlash bo‘linmasi boshlig‘i leytenant Ulug‘bek Omonovga teng keladigani topilmadi. Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi katta tezkor vakili mayor Bahrom Boymurodov – ikkinchi,Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yuridik ta’minlash bo‘linmasining katta yuriskonsulti kapitan Ahmed G‘aniyev esa uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.

Tanlov g‘oliblari hamda faol ishtirok etgan yosh xodimlarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

Abdulaziz Musayev, Otabek Mirsoatov (surat) O‘zA