MUNDIAL KUNDALIGI: Yevropa termalari Amerika jamoalariga qarshi

“F” guruhi, 19:00

Janubiy Koreya – Germaniya
Qozon arena, Qozon

af3d3331-5780-4d54-857a-fa8265704cf0.jpg

Bu turgacha osiyoliklar ochko jamg‘arishmadi. Nemislarda esa 3 ochko bor. Shvedlarda ham shuncha. Demak, koreyslarda ham imkoniyat mavjud. Agar mazkur hamda Meksika – Shvetsiya uchrashuvida mo‘jiza yuz berib qolmasa, Sharqiy osiyoliklar uylariga qaytadi. Nemislar birinchi turdagi mag‘lubiyatdan so‘ng shvedlarga qarshi o‘yinda g‘alabani amal-taqal qilib qo‘lga kiritishdi. Demak ushbu uchrashuv ham oson kechmaydi. Agar voqealar rivoji shu zaylda davom etsa, nemislar keyingi bosqichda Neymar va uning jamoadoshlariga duch kelishadi. Esingizda bo‘lsa, Lotin amerikasi vakillarining Lyov shogirdlarida alami bor (2014 yilgi jahon chempionatini eslang). O‘yinga amerikalik Mark Geyger bosh hakam etib tayinlangan.

Meksika – Shvetsiya
Yekaterinburg arena, Yekaterinburg

meksika-chicha.jpg

Shimoliy amerikaliklar har bir mundialga alohida tayyorgarlik ko‘rishadi. Hozirgacha 6 ochko jamg‘arganini hisobga olsak, ushbu chempionatga ham shunchaki kelishgani yo‘q. Shvedlar bu o‘yinda Meksikani yirikroq hisobda mag‘lub etsa, keyingi bosqichda o‘ynaydi, aks holda alvido Rossiya! Germaniya mag‘lub bo‘lsa, hattoki, durang o‘ynasa ham shvedlar keyigi bosqichga chiqadi. Mana shu jihatlar ikkala o‘yinning ham murosasiz o‘tishini taminlaydi. Maydonga jamoalarni argentinalik Nestor Pitana boshlab tushadi.

“E” guruhi, 23:00

Serbiya – Braziliya
“Spartak” stadioni, Moskva

753ec4d8-d293-4d34-8ff4-7b9f3ba1bf3c.jpg

Bu guruhda ham Kosta-Rikadan boshqa barcha jamoada nimchorak finalga chiqish uchun imkoniyat saqlanib qolgan. Serblar uchinchi o‘rinda. Lotin Amerikasi vakili Braziliya esa birinchi o‘rinda turibdi. Tite shogirdlariga ushbu o‘yinda mag‘lubiyat kerak emas. G‘oliblik yoki durang ularninimchorak finalga olib chiqadi. Kolarov boshchiligidagi Serbiyaga g‘oliblikdan boshqasi kerak emas. Durang o‘ynashsa ham oz miqdorda imkoniyat bo‘lishi mumkin. U holda Meksika–Shvetsiya o‘yinidagi natijaga qarab qoladi. Xullas, bizni bu jamoalar zeriktirmaydi. Eronlik Alirizo Fag‘oni ushbu o‘yinga hakam sifatida belgilangan.

Shvetsariya – Kosta-Rika
Nijniy Novgorod stadioni, Nijniy Novgorod

Shvedsariyaliklar o‘z guruhida yetakchi bo‘lib olishi mumkin. Faqat buning uchun qattiq ter to‘kishlariga to‘g‘ri keladi. Braziliyadagi jahon chempionatida chorak finalgacha yetib borgan Shimoliy amerikaliklarda bu gal guruhdan chiqish uchun ham imkoniyat qolmagan. Ammo ular muxlislar uchun chiroyli o‘yin hadya etishi mumkin. Albatta, biz ikkala jamoadan ham qiziqarli o‘yin kutib qolamiz. Uchrashuvga fransiyalik Kleman Turpen hakamlik qiladi.

 

Shohrux No‘monov, O‘zA