AQSHning Jon Xopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi, professor Frederik Starr boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida amerikalik taniqli olim Frederik Starrning o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Unutilgan ma’rifat: Markaziy Osiyoning arab istilosidan to Amir Temur davrigacha bo‘lgan oltin asri” nomli kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Unda akademiklar, olimlar, AQSH, Yaponiya va Shvetsiyadagi yirik tadqiqot institutlari ilmiy doiralari vakillari qatnashdi.
Frederik Starr Markaziy Osiyo, Rossiya va MDH mamlakatlari bo‘yicha mutaxassis sifatida O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlardan yaxshi xabardor. Taniqli ekspert Yevroosiyo mintaqasi davlatlari siyosati hamda tarixiga oid 20 dan ortiq kitob muallifi hamdir. U o‘zining O‘rta asrlarda yashab ijod qilgan allomalarimiz haqidagi izlanishlari, ommabop maqola va risolalari bilan G‘arb jamoatchiligi orasida keng tanilgan.
Frederik Starrning “Unutilgan ma’rifat: Markaziy Osiyoning arab istilosidan to Amir Temur davrigacha bo‘lgan oltin asri” kitobida mamlakatimiz tarixi, madaniyati, ilm-fan rivoji haqida hikoya qilinadi.
Mazkur kitob 2014 yili Hindistonda ingliz tilida chop etilgan. O‘tgan vaqt mobaynida yigirmadan ortiq tillarga tarjima qilindi va 2018 yilda o‘zbek tilida nashrdan chiqdi. Ushbu fundamental tadqiqotlar mahsuli 15 bobdan iborat bo‘lib, unda Markaziy Osiyoning arablar tomonidan istilo qilinishi, shu davrda Movarounnahr va Xuroson hududlaridagi madaniy yuksalish, Bag‘dod, Gurganch, Samarqand shaharlarining madaniy markazlari, mo‘g‘ullar bosqini, Amir Temur va temuriylar davri jonli, ravon tilda bayon qilingan.
Taqdimotda kitobning Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan qomusiy olimlarning dunyo ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasini ochib berishdagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Shu kuni mehmonlar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ham bo‘lib, ushbu oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari hamda talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi, “Markaziy Osiyoning hududiy rivojlanish bosqichlari va AQSH bilan munosabatlar” mavzuida ma’ruza tinglandi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan tashkil etilgan bir qator muzokaralarda ishtirok etdi. Toshkentning diqqatga sazovor joylarida bo‘lib, mamlakatimizning boy tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishdi.

 

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA