O‘zbekiston Qahramoni Malika Abdullaxo‘jayeva

O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi. Tibbiyot sohasidagi taniqli olima, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Malika Abdullaxo‘jayeva shu yil 26 iyunda 86 yoshida vafot etdi.
M.Abdullaxo‘jayeva 1932-yil 28-noyabrda Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida tug‘ildi. 1956-yili Toshkent davlat tibbiyot instituti (hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi)ni tugatib, Rossiya Fanlar akademiyasi Miya instituti aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, keyinchalik doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 2000-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.
M.Abdullaxo‘jayeva o‘z mehnat faoliyatini 1960 yili Toshkent davlat tibbiyot instituti assistenti sifatida boshladi. Iste’dodli olima qariyb 60 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Rentgenologiya, radiologiya va onkologiya ilmiy-tadqiqot instituti (hozirgi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi) laboratoriyasi mudiri, Toshkent davlat tibbiyot institutida kafedra mudiri, O‘zbekiston Respublikasi patologoanatomik markazi direktori kabi lavozimlarda samarali mehnat qilib, mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish, tibbiyot fanining dolzarb masalalarini tadqiq etish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shdi.
Zahmatkash olimaning tibbiyot sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan 300 dan ziyod ilmiy maqolalari, 20 ga yaqin kitob va monografiyalari hamda 10 ga yaqin mualliflik ishlari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma’lum. Ayniqsa, mamlakatimizda patologoanotomik xizmatni tashkil etish, mazkur sohadagi samarali ilmiy ishlanmalari bilan yangi va zamonaviy tibbiyot yo‘nalishlarini rivojlantirish borasida fidokorona mehnat qilib, o‘zining ilmiy izlanishlari, rahbarlik mahorati, katta bilim va tajribasi, amaliy tashabbuslari bilan keng jamoatchilik o‘rtasida yuksak hurmat va e’tibor qozondi.
Jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlandi.
Akademik M.Abdullaxo‘jayevaning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U O‘zbekiston Qahramoni unvoni va “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.
Atoqli olima, mehribon ustoz, kamtarin inson Malika Abdullaxo‘jayevaning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

 

Sh.Mirziyoyev, N.Yo‘ldoshev, N.Ismoilov,
 
A.Aripov, B.Yo‘ldoshev, A.Shodmonov