O‘zbekistonda ilk marotaba Markaziy Osiyo yoshlar forumi o‘tkaziladi

Joriy yilning 26-30-iyun kunlari O‘zbekistonda ilk marotaba Markaziy Osiyo yoshlar forumi o‘tkaziladi. 
Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, shuningdek, Qozog‘istonning “Jas otan” yoshlar qanoti va “Nur otan” partiyasi, Qirg‘izistonning Davlat yoshlari, jismoniy tarbiya va sport sohasi agentligi, Tojikistonning Respublika hukumati yoshlar va sport qo‘mitasi hamda Turkmanistonning sport va yoshlar siyosati vazirligi va Maxtumquli nomidagi Turkmaniston yoshlar tashkiloti kengashi vakillari ishtirok etadi.
Qardosh xalqlar yoshlarini birlashtiruvchi mazkur forumdan asosiy maqsad Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlari bilan hamkorlikda ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar va dasturlarni amalga oshirishga qaratilgan.
Forum doirasida yoshlar hayotiga bag‘ishlangan ko‘plab mavzularda anjumanlar tashkil etiladi. Jumladan, “Fan va ta’limni rivojlantirishda yoshlarning o‘rni”, “Markaziy Osiyo mintaqasidagi madaniy hamkorlik”, “Yoshlar turizmi Markaziy Osiyo taraqqiyotining asosiy omili hisoblanadi”, “Terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikalizmning oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda yoshlarning roli” kabi mavzularda davra suhbatlari hamda musiqiy dasturlar namoyishi bo‘lib o‘tadi.
Forumning asosiy tadbirlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkaziladi. Yakunda mamlakatlar o‘rtasida “Qo‘shma hamkorlik 2019-2021” memorandumini imzolash rejalashtirilmoqda.

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA