Malayziyadagi hamyurtlarimiz O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga tayyor

O‘zbekiston Respublikasining Malayziyadagi elchixonasi tomonidan o‘qish, mehnat faoliyati va oilaviy sharoit tufayli Malayziyada bo‘lgan hamyurtlarimiz bilan uchrashuv tashkil etildi.
Unda 40 dan ortiq yurtdoshimiz, jumladan, Putra universiteti, Xalqaro islom universiteti, Islom fanlari universiteti talabalari va o‘qituvchilari, Malayziyaning “Petronas”, “Google Malaysia”, “Data Micron Systems”, “Consolsys” singari yetakchi kompaniyalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir qatnashchilari mamlakatimiz bank tizimi, iqtisodiyot, ilm-fan, ta’lim, davlat boshqaruvini innovatsion rivojlantirish, turizm, yoshlar siyosati va shaharsozlik sohalarida amalgan oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar bilan tanishtirildi. Uchrashuvda yurtdoshlarimizning madaniy-ma’naviy ildizlarini yanada mustahkamlash, ularning Vatanimiz bilan chambarchas bog‘liqligini ta’minlash hamda yosh avlodning vatanparvar bo‘lib voyaga yetishi uchun sharoit yaratish maqsadida chet eldagi yurtdoshlarimiz bilan hamkorlik ishlarini kuchaytirilayotgani ta’kidlandi.
IMG_2420.JPG
Muloqot chog‘ida ishtirokchilar oliy ta’lim tizimini takomillashtirish, turizm salohiyatini rivojlantirish, maktab ta’limi va davlat xizmatlarini taqdim etishga innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish masalalari bo‘yicha fikr almashdi.
O‘zbekiston fuqarolari Malayziyaning ilg‘or tajribasini amaliyotga tatbiq etish, turli tarmoqlar bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish hamda kelgusida ularning mamlakatimizda ishga joylashish mexanizmlarini ishlab chiqish maqsadida respublikamiz vazirlik va idoralari vakillari va xorijdagi vatandoshlarimiz o‘rtasida videokonferensiya shaklidagi uchrashuvni tashkillashtirish taklifini bildirdi.
IMG_2401.JPG
O‘zbekiston Respublikasining xorijda istiqomat qilayotgan hamyurtlarimiz bilan hamkorlik qilish bo‘yicha davlat siyosati Konsepsiyasi loyihasi muhokamasi tadbir qatnashchilarida alohida qiziqish uyg‘otdi. Yurtdoshlarimiz chet elda ularning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlashga yo‘naltirilgan mazkur hujjat o‘z vaqtida ishlab chiqilgani, ushbu hujjat ularni O‘zbekistondagi iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ijtimoiy o‘zgarishlarishlarga faol jalb qilishga xizmat qilishini bildirdi.
Tadbir ishtirokchilarining fikricha, hozirgi kunda O‘zbekistonda ilm-fan, ta’lim, zamonaviy kadrlarni tayyorlashni yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda hamda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator davlat dasturlari ishlab chiqilmoqda.
IMG_2207.JPG
Ayni paytda chet elda istiqomat qilayotgan minglab yurtdoshlarimizning bilim va salohiyatidan mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida to‘la foydalanilmayapti. Vatandoshlarmiz Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan, pirovardida nufuzli xorijiy ekspertlar va malakali hamyurtlarimizni O‘zbekistonga jalb qilish uchun sharoit yaratadigan islohotlar jarayoniga chin dildan o‘z hissasini qo‘shishni istaydi.
Sh bois, O‘zbekiston diplomatik missiyasi yoshlar bilan muntazam muloqot o‘rnatib, ularning huquq va manfaatlarini himoyalashi, ochiq debatlar tashkillashtirishi, g‘oyalarini amalga oshirish uchun hamkorlik qilishi lozim. Chet elda istiqomat qilayotgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ularning kelajakka bo‘lgan ishonchi, vatanpavarlik his-tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi.
Bugungi kunda mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shish istagida bo‘lgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi va ular Vatanimiz gullab-yashnashi yo‘lida birlashishga doimo tayyordir. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasining xorijda istiqomat qiladigan hamyurtlarimiz bilan hamkorlik qilish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan davlat siyosati Konsepsiyasi chet eldagi yoshlarni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga faol ishtirok etishga jalb qilishga xizmat qiladi.
IMG_1865.jpg
Tadbirda “Petronas” davlat neft kompaniyasi xodimi Ulug‘bek Rustambekov mazkur konsepsiyani O‘zbekiston hukumati ochiqligiga xizmat qiladigan misliz qadam deb baholadi. O‘zini etnik va til jihatdan O‘zbekistonga mansub deb hisoblovchi xorijiy fuqarolarni ham qamrab olgan “hamyurtlar” tushunchasining kengaytirilishi ularga Vatanimiz bilan madaniy-tarixiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishiga yordam beradi.
U. Rustambekov O‘zbekiston hududidatadbirkorlik, investitsiyaviy, ilm-fan, ta’lim va madaniy faoliyatni amalga oshirishi uchun huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlarning yaratilishi hamyurtlarimizning O‘zbekistonga qaytishini kafolatlashini bildirdi.
IMG_1864.jpg
“Data Micron Systems” kompaniyasi xodimi Sharofiddin Fayziyevning fikricha, O‘zbekistonda xorijda istiqomat qiladigan hamyurtlarimiz bilan ishlash Konsepsiyasining qabul qilinishi, xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolarining vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirib, ularni kelgusida davlat muassasalariga ishga joylashish maqsadi bilan Vatanimizga qaytishga undaydi.
Shuningdek, Sh.Fayziyev, hamyurtlarimizning chet elda oliy ta’lim olgani va ish tajribasiga egaligini hisobga olgan holda, O‘zbekistonga qaytishi bilan ularni ishga joylashtirish mexanizmini ishlab chiqish maqsadga muvofiq deb bildirdi. Kelgusida amaliyotga tadbiq etish aqsadida yurtdoshlarimizdan olingan innovatsion texnologiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uzatish va saqlash bo‘yicha yagona bazani yaratish zarurati alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida hamyurtlarimiz bir ovozdan xalq diplomatiyasidan keng foydalangan holda, O‘zbekiston iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotini rivojlantirishda ularning ham faolligini oshirish zarur degan to‘xtamga kelishdi. O‘zbekistonlik yuqori malakali mutaxassislar Vatan ravnaqi yo‘lida mamlakatimiz ijtimoiy hayotining turli sohalarini takomillashtirish bo‘yicha o‘z mutaxassisligi va tajribasidan kelib chiqqan holda, o‘z ishlanmalarini taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

 

O‘zA